Har bir tadbirkorni o‘ylantiradigan muhim bir masala borki, u ham bo‘lsa faoliyat boshlash uchun qulay joy topishdir. Ko‘pchilik yangi ish boshlagan ishbilarmonlar sarmoyasini inshoot qurish uchun sarflagisi kelmaydi.
Ayniqsa, poytaxtda har bir qarich joyning, yerning yuqori qiymati borligini inobatga olinadigan bo‘lsa ushbu muammo bilan bugun ko‘pchilik tadbirkorlarimiz to‘qnash kelayotgani kundek ravshan bo‘ladi.
Ana shuni inobatga olib kuni kecha, to‘g‘rirog‘i 17 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining “Ko‘p kvartirali uyning yerto‘lasidan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori e’lon qilindi.
Ushbu huquqiy hujjat respublikaning barcha hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish, ko‘p kvartirali uylarning yerto‘la qismlaridan foydalangan holda, o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga ko‘p kvartirali uylarning yerto‘la qismlarining hisobini yuritish, boshqaruv organlari tomonidan uylarning yerto‘la qismlarini ijaraga berishda to‘lanadigan majburiy badal va to‘lovlarni amalga oshirish jarayonining shaffofligi ta’minlaydi.
Masalan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Feruza Mahmarasulova rahbarligidagi boshqaruv servis kompaniyasi (BSK) 3-sektor hududida joylashgan bo‘lib, 60ta ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatadi. Ushbu uylarning 1.5 ming kvadrat metr maydoni 30 nafar tadbirkorga ijaraga berilgan va jami tushum har oyda 68 million so‘mni tashkil qiladi. Ushbu mablag‘ ko‘p qavatli uylarning infratuzilmasini yaxshilash, turar-joy mulkdorlariga qo‘shimcha sharoitlar yaratish, moddiy-texnik bazani yaxshilashga, ishchilar mehnatlariga yarasha munosib haq to‘lashga, rag‘batlantirishlarga sarflanadi. Bu esa aholining BSK faoliyatidan rozi bo‘lishlariga, xizmat sifatining oshirishga zamin bo‘lmoqda.
Boshqaruv servis kompaniyasining samarali faoliyati tufayli hududdagi ko‘p qavatli uylar yerto‘lasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Har bir tadbirkor bankdan 50 million so‘mgacha imtiyozli kredit olib, faoliyatini kengaytirishga erishdi.
Masalan, ko‘p qavatli uyning yerto‘lasidan 163 kvadrat metrni ijaraga olib, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkor Dinara Gaziyevaning ishchilari soni 10 nafarga yetdi.
Boshqaruv servis kompaniyasi erishilgan natijalar bilan to‘xtab qolish niyatidamas va yana 30ta ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida ana shunday tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
Shu bilan birga qaror bilan tadbirkorlarga bir qator talablar ham qo‘yilmoqda.
- Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 17 yanvardagi 17-sonli qarori qabul qilindi, -deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Obidjon Mo‘minov. – Mazkur qarorga asosan endi ko‘p kvartirali uylarning yerto‘lasidan foydalanish bo‘yicha qoidalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Birinchi galda yerto‘lalarni ijaraga berishda bundan keyin avval umumiy mulk ko‘p kvartirali uylarning mulkdorlariga rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak. Ya’ni, kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak. Yerto‘la ijara shartnomalari soliq organlarining platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi va “Mening uyim” billing tizimida ma’lumotlar kiritiladi. Ijara to‘lovlari ushbu tizim orqali amalga oshirib boriladi.
<iframe width="789" height="444" src="https://www.youtube.com/embed/W8GV6i9lWlg" title="Koʻp qavatli uylar yertoʻlasidan samarali foydalaniladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shuningdek, shaharsozlik normalari va yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid bo‘lmagan yengil materiallardan foydalanib, muhandislik tarmoqlariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini cheklab qo‘ymasdan, yerto‘la ichki qismida oraliq devorlarni faqat belgilangan tartibda, kelishilgan loyiha hujjatlari asosida o‘rnatishga yo‘l qo‘yiladi. Bu esa mulkdorlar manfaatiga ham to‘g‘ri keladi.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov,
Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA