Ko‘p qavatli uylar tayanchlarini o‘zicha o‘zgartirish xavfli
Ko‘p kvartirali uylarda yashashning, ulardan foydalanishning o‘ziga yarasha madaniyati, tartib-qoidalari mavjud. Hech kim ko‘p qavatli uylarning konstruksiyalarini o‘zicha o‘zgartirishga, buzishga haqli emas.
Ko‘p kvartirali uylardagi tayanch va to‘siq konstruksiyalarni qonunchilikni hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda o‘zgartirganlik yoki rekonstruksiya qilganlik uchun qonunchiligimizda tegishli tartibda javobgarlik belgilangan. Ammo shunga qaramay, ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiladigan ayrim shaxslar qonunchilikka zid ravishda uylardagi tayanchlarni, devorlarni o‘zicha buzib, o‘zgartirib, xavfsizliq qoidalariga amal qilishmaydi. Uyning texnik holatiga xavf tug‘dirishadi.

Bu borada Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan muntazam ravishda o‘rganish va kuzatuv ishlari olib boriladi. Yaqinda vazirlik huzuridagi Uy-joy fondi inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish ishlarda Mirzo Ulug‘bek tumani Qori Niyoziy ko‘chasi, 5-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan noqonuniy tarzda ko‘p qavatli uyning 2-, va 3-qavatlarini ajratib turuvchi plitaning bir qismi buzilib, xonadonlarni birlashtiruvchi zinapoya o‘rnatilganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasi 3-qismi bilan jami 27 million so‘m jarima qo‘llanildi. O‘zgartirilgan joylar avvalgi holatiga qaytarildi.

Bundan tashqari, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva tegishli mutasaddilar bilan birgalikda poytaxt tumanlarida o‘rganishlar olib borib, kommunal sohadagi masalalar bilan tanishdi. Jumladan, Shayxontohur tumanida joylashgan 64 ta ko‘p qavatli uyning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, boshqaruv tashkilotlari tomonidan servis xizmatlarni tashkil etish ishlari, xususan, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Shuningdek, mutasaddilar aholi bilan suhbatda bo‘lib, ularning sohaga doir murojaatlarini qabul qildilar. “Yangi Beltepa” mahallasi aholisi bilan o‘tkazilgan suhbat davomida odamlarning boshqaruv tashkilotidan noroziligi va xizmat ko‘rsatish sohasidagi qator kamchiliklari aniqlandi. Muhokamalardan so‘ng aholi roziligi bilan mazkur hududdagi uylar tumanda faoliyat yurituvchi boshqaruv kompaniyasiga biriktirildi.

Hozirda kopmaniya ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish, xususan, bolalar va qariyalar uchun maxsus maydonchalar qurish, ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha amaliy ishlarni olib bormoqda. Shuningdek, boshqaruv tashkilotining yangi binosi ham barpo etilmoqda.
Vazir o‘rinbosari uyma-uy yurish mobaynida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
M.Komilova, O‘zA