Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan reyd tadbirlari olib borilmoqda.
Xususan, Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlari davomida viloyatning Chirchiq shahar Alisher Navoiy shoh ko‘chasi hududida qurilayotgan binoda sifatsiz qurilish materiallari, ya’ni temir beton plitalaridan foydalanilayotgani aniqlandi.
Qayd etish lozim, qurilish jarayonlarida sifatsiz materiallardan foydalanish nafaqat binoning mustahkamligiga, balki unda yashovchi fuqarolarning xavfsizligiga ham jiddiy tahdid soladi. Bunday loqaydlik kelajakda og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Inspeksiya xodimlarining sa’y- harakatlari natijasida bunday holatlarning oldi olinmoqda.
–Inspeksiya xodimlari tomonidan mazkur qoidabuzarlik yuzasidan qurilish mas’ullariga elektron yozma ko‘rsatmalar berildi, sifatsiz temir beton plitalar joyida buzdirildi hamda ishlab chiqarilgan korxonasiga qaytarildi. Qurilish ob’ektida esa aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar barcha turdagi qurilish ishlari to‘xtatildi, – deydi Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi Jasurbek Mamatqulov. – Qurilish qoidalariga rioya qilmaslik nafaqat qonunbuzarlik, balki fuqarolar hayoti va xavfsizligini xavf ostiga qo‘yishdir. Shuning uchun ham barcha qurilish ishlari qat’iy me’yor va standartlarga mos ravishda amalga oshirilishi shart.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan respublikamiz bo‘ylab sifatsiz qurilishlarning oldini olish maqsadida kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/z6vZKXPHgWk" title="Koʻp qavatli uy qurilishida sifatsiz beton plitalaridan foydalanilgan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sh.Mamaturopova, O‘zA