Konya shahrida davom etayotgan V Islom birdamligi o‘yinlarining kechagi kun bahslari hamyurtlarimiz uchun omadli kechdi.
Murosasiz va shiddatli musobaqalarda iqtidorli sportchilarimiz 12 ta medalga musharraf bo‘lishdi.
Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ulug‘bek Rashidov taekvondo bellashuvlarida barcha raqiblarini mag‘lub etgan holda Islom birdamligi o‘yinlarida 68 kilo og‘irlikdagi taekvondochilar orasida oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, 63 kilogrammda jang olib borgan Niyoz Po‘latov bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Erkin kurash musobaqalarida 67 kilo og‘irlikda gilamga chiqqan G‘ulomjon Abdullayev shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Rasuljon Abdurahimov, Abdulla Azimov va Habibullo Ergashevdan iborat sport gimnastikachilarimiz jamoaviy bahslarda kumush medalga sazovor bo‘lishdi. Abdurahimov yakkalik ko‘pkurash musobaqasida bronza medaliga ham sazovor bo‘ldi.
Para suzish musobaqasida bugungacha 2 ta oltin va 1 ta bronza sohibi bo‘lgan Azizbek Boynazarov bu safar kumush medalga ega chiqdi.
Ortda qolgan kunlardagi medallar sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 56 ta davlat orasida 5 ta oltin, 6 ta kumush, 12 ta bronza, jami 23 ta medal bilan umumjamoa hisobidagi turinchi pog‘onani yanada mustahkamladi.
[gallery-8261]
Umumjamoa bahslarida Turkiya terma jamoasi 22 ta oltin, 18 ta kumush, 14 ta bronza, jami 54 ta medal bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, 2-o‘rinda borayotgan Eron vakillari 8 ta oltin, 12 ta kumush, 7 ta bronza medaliga ega bo‘lib turibdi. Ro‘yxatning uchinchi qatoridan joy olgan Qozog‘iston vakillarida esa 6 ta oltin, 1 ta kumush, 8 ta bronza medali mavjud.
Islom birdamligi o‘yinlarida bugungacha medallarga egalik qilgan davlatlar soni 30 taga yaqinni tashkil etmoqda.
Bugun, 11 avgust kuni o‘q otish, taekvondo, suzish, yengil atletika, sport kurashlari kabi sport turlaridagi musobaqalar davom etsa, og‘ir atletikachilar dastlabki bahslarni o‘tkazishadi. Aytish joiz, Islom birdamligi o‘yinlarida o‘tadigan og‘ir atletika musobaqalarida yurtimiz sharafini 11 nafar sportchi himoya qiladi.
Terma jamoamiz musobaqada o‘z ishtirokini 12 avgustdan boshlaydi. Unda o‘yinlarning sovrinli o‘rinlari uchun iste’dodli sportchilarimiz Adhamjon Ergashev va amaldagi jahon chempioni Doston Yokubov supaga ko‘tariladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, Muhammad Amin (surat), O‘zA