Kontrafakt mahsulotni qanday aniqlash mumkin?
Parfyumeriya mahsulotlari xaridorlar orasida hamisha mashhur bo‘lib kelgan. Ammo afsuski, bu mahsulotlar soxta va kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan eng katta miqdordagi tovarlar guruhiga kiradi. Gap nafaqat bozorlar yoki metroda sotiladigan atirlar, balki elita hisoblangan ayrim "brend" do‘konlarida ham bugungi kunda kontrafakt mahsulotlarni topish mumkinligi haqida boryapti.
Mavzu yuzasidan Intellektual mulk agentligi matbuot xizmati rahbari Feruz Jo‘rayev bilan suhbatlashdik.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 yanvardagi «Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida 15 fevraldan 15 martgacha respublika bo‘ylab “Kontrafaktsiz oy” oyligi o‘tkazish belgilangan.
– Bahor fasli munis ayollar bayrami bilan boshlanadi. Tabiiyki, bayram arafasida parfyumeriya mahsulotlariga bo‘lgan talab ancha oshadi. Parfyumeriya sotib olayotganda haqiqiy sifatli mahsulotni tanlash hamda uning sog‘lig‘ingizga zarar yetkazmasligiga qanday amin bo‘lish mumkin?
– Albatta, har narsaning imkoni bo‘lgani kabi kontrafakt mahsulotni haqiqiy parfyumdan ajratish mumkin, ammo buning uchun kamida bir marta yuqori sifatli original parfyumeriya sotib olish kerak. Chunki bu usul kelgusida parfyumeriya mahsulotini sotib olayotganda asl va kontrafaktni o‘zaro farqli jihatlarini yaqqol ajratishda yordam beradi.
– "Bojxonada musodara qilingan mahsulot", "litsenziyaga ega parfyumeriya" – bular o‘zi nima?
– Sizga sifatli parfyumni soxta narsalardan qanday ajratish bo‘yicha bir nechta maslahatlarni berishdan oldin, ushbu masalada mavjud bo‘lgan ba’zi afsonalarni ko‘rib chiqamiz.
Ko‘pincha, parfyumeriya do‘konlarida "bojxonada ushlangan parfyumeriya" yoki "bojxonada musodara qilingan tovarlar" kabi mahsulotlarga duch kelishingiz mumkin. Aslida, "bojxonada musodara qilingan parfyumeriya" umuman mavjud bo‘lmaydi. Xuddi shunday, "litsenziya" asosida tayyorlangan parfyumeriya ham yo‘q. Odatda, BAA yoki Gollandiyada ishlab chiqariladigan sifatsiz parfyumeriya mahsulotlarini sotishni istagan sotuvchilar bunday tushunchalar orqasiga yashirinishadi. Odatda ular faqat katta hajmdagi shishalarda – 75, 90 yoki 100 millimetr sotiladi. Bunday parfyumeriya, qoida tariqasida, bir xil narxda – "hammasi aksiya narxida!", bo‘ladi.
Aslida 100 millimetr "Chanel" atirini 100 mingga sotib olish mumkin emas. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: "Chanel" kabi brend o‘z tovarlarini bojxonada musodara qilinishiga imkon yaratib beradimi? Bu ham mayli, musodara qilingan mahsulot internet do‘konda hammaga sotish uchun shunchalik katta hajmda bo‘lishi aqlga sig‘maydiku. Shuning uchun, agar siz faqat bitta turdagi (eng katta) va bir xil narxdagi atirlar mavjud bo‘lgan o‘xshash do‘konga duch kelsangiz, ular sizga kontrafakt mahsulotni sotmoqchi ekanligiga ishonch hosil qilishingiz mumkin.
– Parfyumeriya mahsulotini xarid qilganda adashmaslik uchun uning qadog‘i yoki tarkibiga e’tibor qaratish kerakmi?
– Kontrafakt atirni qanday ajratish kerakligi haqidagi savolga javob beradigan bo‘lsak, quyidagilarga batafsil e’tibor qaratish kerak.
Birinchidan, parfyumeriyaning qadog‘ sifatiga e’tibor qaratish lozim. Asl brend kompaniya hech qachon qadog‘dan iqtisod qilmaydi. Aksincha, bejirim qadoqli mahsulot xaridorlarni jalb qiladi. Va marketologlar buni juda yaxshi bilishadi. Tovar sotib olishdan oldin qadoqni ochish kerak emasligi sababli, avvalambor, qadoqning ko‘rinishini diqqat bilan o‘rganib chiqish maqsadga muvofiq.
Eng sifatsiz kontrafakt – bu nomida xatolik bo‘lgan mahsulot. Agar mahsulot selofan plyonka bilan o‘ralgan bo‘lsa, u holda plyonka ingichka, chiroyli bo‘lishi kerak, plyonkani birlashtiradigan shtamp aynan markazda bo‘lishi lozim. Ammo barcha brendlar o‘z mahsulotlarini selofan bilan qoplamaydi (masalan, Hugo Boss, Laura Biagiotti, Bruno Banani, Davidoff, Lacoste va boshqa bir qator ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining ayrim pozitsiyalarini selofanlamaydi).
Ikkinchidan, qadoqlash sifati. U toza va turli shubha tug‘dirmasligi, karton yuqori sifatli bo‘lishi kerak.
Qadoqdagi shriftlar aniq va tushunarli bo‘lishi kerak, ba’zida shrift naqshinkor va ton bilan berilishi mumkin. Har qanday holatda ham bo‘yoq surkalmasligi lozim. Shuningdek, qadoqlashda qadoqlash belgisi bo‘lishi kerak (aylana bo‘ylab ikkita o‘q).
Shtrix-kod, albatta, ko‘rsatilishi kerak. Ishlab chiqaruvchining mamlakat kodi orqali yorliqda ko‘rsatilgan matnga mos kelishini taqqoslashingiz mumkin.
Qadoqda atir toifasi (parfum, eau de parfum, yeau de toilette, parfum de toilette va boshqalar), kim uchun mo‘ljallangani (masalan, femme pour — ayollar uchun, pour homme — erkaklar uchun yoki jinsni ko‘rsatishning boshqa variantlari mavjud), millilitr (ml bilan), hajmi (1 fl.oz — AQSH o‘lchov birligi, tarkibi, ishlab chiqarilgan mamlakati (albatta, Fransiyada bo‘lishi shart emas, chunki ba’zi moda uylari italyan, nemis, ingliz yoki AQSHga tegishli bo‘lishi mumkin, ammo Osiyo mamlakatlari yoki ishlab chiqaruvchiga aloqador bo‘lmagan davlatlar shubha uyg‘otishi tabiiy. Va albatta, «Made in …» so‘zi ishlatilishi kerak.
Ishlab chiqarilgan sana shtamplangan bo‘lishi kerak (siqilgan yoki kursiv bilan zarb qilingan), qoida tariqasida, u kod bilan birga keladi. Barcha parfyumeriya mahsulotlariga o‘zbek tilidagi stikerlar ilova qilinishi kerak. Bunday holda stiker porloq, mat yoki shaffof qog‘oz yoki plyonkada tayyorlanishi mumkin.
O‘zA muxbiri Nurillo NASRIEV suhbatlashdi.