Kontent yaratish markazi ish boshladi
“Yuksalish” umummilliy harakati va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida 2025-yil iyun oyida memorandum imzolangan edi.
Konrad Adenauer fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda ijtimoiy rivojlanish uchun fuqarolik jamiyatining imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasidagi imzolangan mazkur memorandum asosida universitet negizida Kontent yaratish markazi tashkil etildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda “Yuksalish” harakati vakillari, Yuridik fakulteti jamoasi va loyihaga a’zolikka qabul qilingan talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan universitet rektori Berdiyar Jollibekov, “Yuksalish” harakati raisining birinchi o‘rinbosari, ijrochi direktor Askar Mamatxanov va boshqalar ushbu markaz yoshlarning media savodxonligini oshirish, zamonaviy kontent yaratish ko‘nikmalarini shakllantirish, ijodiy va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim maydon bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Mehmonlar universitetning Yuridik fakultetida talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ta’lim jarayonlari hamda yoshlarning ta’lim olishi va ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu loyiha universitetda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish hamda ularning zamonaviy media makonidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligi qayd etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.