Konte Italiya terma jamoasi haqidagi mish-mishlarga javob qaytardi
«Napoli» bosh murabbiyi Antonio Konte Italiya terma jamoasida ishlashga tayyorligi haqidagi navbatdagi savolga javob berdi.
56 yoshli mutaxassis Jennaro Gattuzo iste’foga chiqarilganidan so‘ng «skuadra adzurra» boshqaruvi uchun asosiy nomzodlardan biri hisoblanmoqda. O‘tgan haftada Konte agar Italiya futbol federatsiyasi prezidenti bo‘lganida, o‘zini nomzodlar ro‘yxatiga kiritgan bo‘lishini ma’lum qilgan edi.
«Men biron bir narsaga tayyorman, deb aytganim yo‘q. «Napoli» bilan amaldagi shartnomam tugashiga yana bir yil bor. Muddat yakuniga yaqinlashganda, klub prezidenti bilan gaplashib olaman. Sizlardan gaplarimni noto‘g‘ri talqin qilmasligingizni qat’iy so‘rab qolaman, aks holda sizlarga umuman hech narsa demay qo‘yaman», — deya javob berdi Konte Rai Radio 1ga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Italiya terma jamoasi pley-off finalida Bosniya va Gersegovinaga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berib, JCh-2026 yo‘llanmasidan quruq qolgan edi.