O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish hamda uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksining (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 3-moddasiga muvofiq iqtisodiy sudga qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa shaxslar ham murojaat qilishga haqli. Bunday boshqa shaxslar jumlasiga O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari ham kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonuni (yangi tahriri) 21-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) Palata a’zolarining manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan da’volar taqdim etish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuni 9-moddasi birinchi qismining 2-bandiga (shuningdek, 8-moddasi birinchi qismining 14-bandi va 10-moddasi birinchi qismining 2-bandiga) muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) – Palata a’zolarining manfaatlarini ko‘zlab qilingan da’volar yuzasidan iqtisodiy sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan.
Ammo mazkur qonun 8, 9, 10-moddalarining ikkinchi qismlarida esa Palata va uning hududiy boshqarmalari talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undirilishi belgilangan.
Ushbu normadagi “shu shaxslar” jumlasi ayrim sudyalar tomonidan “Palata va uning hududiy boshqarmalari” nazarda tutilgan deb talqin qilinsa, boshqa sudyalar tomonidan esa “manfaati ko‘zlab ariza kiritilgan Palata a’zosi, ya’ni tadbirkorlik sub’ekti” nazarda tutilgan deb talqin etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida (bundan buyon matnda Oliy sud deb yuritiladi) Palata tomonidan palata a’zolarining manfaatini ko‘zlab sudlarga kiritilgan da’vo arizalar yuzasidan davlat boji undirilishiga oid sud amaliyoti umumlashtirilgan. Unga ko‘ra, 2023 yil va 2024 yilning 9 oyida Palata tomonidan o‘z a’zolarining manfaatlarini ko‘zlab iqtisodiy sudlarga taqdim etilgan 59 883 ta da’vo arizasining 2 967 tasini qanoatlantirish rad etilgan va 36 643 092 823,3 so‘m davlat boji manfaati ko‘zlanib da’vo kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlaridan undirilgan bo‘lsa, 2024 yilning 9 oyida 2 ta holatda jami 35 408 440 so‘m davlat boji Palata hisobidan undirilgan. Shu davr mobaynida ma’muriy sudlarga taqdim etilgan 940 ta da’vo arizaning 462 tasini qanoatlantirish rad etilgan bo‘lib, 407 ta qaror bilan 1 068 814 000 so‘m davlat boji manfaati ko‘zlanib da’vo kiritilgan palata a’zolaridan undirilgan bo‘lsa, 55 ta sud qarori bilan 188 300 000 so‘m Palata hisobidan undirilgan.
Bu esa sudlarda ushbu masala bo‘yicha ikki xil amaliyotning shakllanishiga qonun normalari turlicha talqin etilishi va ziddiyatli qo‘llanilishiga olib kelmoqda.
Fikrimizcha, bunday amaliyotning shakllanishi mamlakatimizda amalda bo‘lgan moddiy va protsessual qonun normalaridagi ayrim ziddiyatlar va noaniqliklar, shuningdek, ularni chuqur ilmiy tahlil qilmasdan qo‘llash oqibatida yuzaga kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuni 8,9,10-moddalarining ikkinchi qismlarini sudlar tomonidan qo‘llashda quyidagilarga e’tibor qaratish lozim.
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunining “Sudlarda davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlari” deb nomlangan 19-moddasi yigirma uchinchi qismida – “Davlat boji to‘lashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bildirilgan talablarini qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji ariza qaysi shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab taqdim etilgan bo‘lsa, shu shaxslardan da’vo talablarining qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi”, deb aniq belgilangan. Mazkur bandda Palata bundan mustasno ekanligi ko‘rsatilmagan, bu esa Qonunning 8,9,10-moddalarining ikkinchi qismlarini Palataga oid normasi 19-moddasi yigirma uchinchi qismiga zid ekanligidan dalolat bermoqda.
Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining “Sud xarajatlarining taqsimlanishi”, deb nomlangan 118-moddasi yettinchi qismi bo‘yicha – “Davlat boji to‘lashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab taqdim etilgan da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji manfaatlari ko‘zlanib da’vo taqdim etilgan shaxslardan da’vo talablarining qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi”. Xuddi shunday normalar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 138-moddasi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi 115-moddasi beshinchi qismlarida ham belgilangan. Demak bunday holatda protsessual majburiyat sifatida davlat bojini to‘lash Palataga emas, da’vogarga yuklatilgan.
Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonuni 35-moddasiga muvofiq Palata o‘z a’zolarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi. Shuningdek, palata a’zolari Palataning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi “Davlat boji to‘g‘ri-sida”gi qonuni 9-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan “shaxslar”, ya’ni “ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari”, “chet el investitsiyalari ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlari”, “tadbirkorlik sub’ektlari”, “mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari” o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar hisoblanadi va ular sudda da’vogar sifatida ishtirok etadi. Shu sababli mazkur shaxslarning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi.
Beshinchidan, quyidagi davlat organlari va boshqa shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda sudga davlat boji to‘lamasdan yuridik shaxslarning, fuqarolarning, jamiyat va davlatning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida da’vo arizasi (ariza) taqdim etishi mumkin.
1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini ko‘zlab beriladigan da’volar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan.
2) O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari – fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining manfaatlarini ko‘zlab qilingan da’volar yuzasidan.
3) prokuratura organlari – davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab qilingan da’volar hamda beriladigan arizalar yuzasidan.
4) adliya organlari — davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab qilingan da’volar hamda beriladigan arizalar yuzasidan.
Ammo yuqorida ko‘rsatilgan davlat organlari va boshqa shaxslar tomonidan sudga kiritilgan da’vo talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda davlat boji undirilishi qonunda belgilanmagan. Bu sudlarda bir xil protsessual maqomga ega bo‘lgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qonun va sud oldida tenglik prinsipiga xilofdir.
Shu sababli Oliy sud O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy sud deb yuritiladi) murojaat qilib, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonun 8, 9, 10-moddalari ikkinchi qismining Savdo-sanoat palatasiga oid normalariga rasmiy sharh berishni so‘ragan.
Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 133-moddasi birinchi qismining 5-bandi, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni 4-moddasi birinchi qismining 4-bandiga muvofiq Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiya va qonun normalariga sharh beradi.
Konstitutsiyaviy qonunning 85-moddasi ikkinchi qismiga binoan Konstitutsiyaviy sudga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini rasmiy sharhlash haqidagi murojaatda Konstitutsiyada va qonunda ularning amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilishiga olib kelgan noaniqliklar mavjudligiga doir vajlar hamda dalillar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
2025 yil 31 yanvarda Konstitutsiyaviy sud majlisida mazkur masala har tomonlama muhokama qilinib, qaror qabul qilindi.
Konstitutsiyaviy sudning qarorida “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuni 8, 9, 10-moddalari ikkinchi qismining Palataga oid normalariga quyidagi mazmunda sharh berildi:
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari – palata a’zolarining manfaatlarini ko‘zlab qilingan da’volari (arizalar) bo‘yicha “...ko‘rsatilgan shaxslarning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi” degan normani, davlat boji ariza qaysi shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab taqdim etilgan bo‘lsa, shu shaxslardan da’vo talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi, deb tushunish lozim”.
Demak bundan buyon Palatadan sudlarga palata a’zolari manfaatlarini ko‘zlab kiritgan da’vo arizalari (arizalari)ni qanoatlantirish rad etilgan yoki qisman rad etilgan taqdirda davlat boji undirilmaydigan bo‘ldi.
Konstitutsiyaviy sud qarori har jihatdan asoslantirilgan holda qabul qilinganligini va muhim ahamiyatiga ega ekanligini hamda davlat bojiga oid qonun normalarini bir xilda talqin qilinishi va qo‘llanilishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlash lozim.
Foziljon Otaxonov,
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy
kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi
professori, yuridik fanlar doktori,
Konstitutsiyaviy sudi huzuridagi
Ilmiy-maslahat kengashi a’zosi.