Konstitutsiyaviy sudda fuqarolar huquqlarini himoya qilishning yangi tizimi yaratildi
Yangi qonun
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli huquqiy islohotlarning bosh maqsadi – inson qadr-qimmatini ulug‘lash, uning huquq va qonuniy manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda davlat organlari faoliyatini “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida tashkil etishdan iborat.
Sud-huquq sohasidagi yangilanishlarning mantiqiy davomi sifatida, yaqinda qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar jamiyatimizda ijtimoiy adolatni qaror toptirishda navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Bu o‘rinda so‘z, bevosita kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan “Kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi yangi qonun haqida bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi qat’iy kafolatlangan bo‘lib, qonunda nazarda tutilgan hollarda ushbu yordam davlat hisobidan ko‘rsatilishi belgilab qo‘yilgan. Mazkur konstitutsiyaviy norma nafaqat jinoyat protsessida, balki fuqaroning huquq va majburiyatlari belgilanayotgan har qanday huquqiy jarayonda taraflar tengligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ammo yaqin vaqtlargacha tizimda muayyan bo‘shliqlar ko‘zga tashlanayotgan edi. Muqaddam mamlakatimizda davlat hisobidan advokat jalb etish – xalq tilida aytganda “bepul advokat” xizmati asosan jinoyat ishlari bo‘yicha yuritilayotgan tergov yoki sud jarayonlari bilan cheklanib qolgan edi. Bunday cheklanish esa fuqarolik, ma’muriy yoki iqtisodiy nizolarda, shuningdek, konstitutsiyaviy huquqlarni himoya qilishda moddiy imkoniyati cheklangan shaxslarning malakali advokat xizmatidan foydalanishini sezilarli darajada qiyinlashtirib kelayotgan edi.
Konstitutsiyaviy sudga shikoyat tayyorlash va unda bevosita ishtirok etish yuqori malaka, chuqur huquqiy bilim va katta amaliy tajriba talab qiladigan o‘ta murakkab jarayon hisoblanadi. Oddiy fuqaro, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan shaxs advokat yollashga moddiy mablag‘i yetmagani sababli o‘z huquqlarini ushbu oliy instansiyada mustaqil va samarali himoya qila olmas edi. Aynan ana shu huquqiy bo‘shliqni to‘ldirish, ijtimoiy adolat mezonlarini to‘laqonli tiklash maqsadida yangi qonun hujjati ishlab chiqildi va qabul qilindi.
Yangi qonunning mazmun-mohiyatiga ko‘ra, sohaga oid ikkita asosiy qonun hujjatiga muhim to‘ldirishlar kiritilmoqda. Ularning ichki mantig‘i va izchil huquqiy mexanizmini quyidagicha tasniflash mumkin:
Birinchidan, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 41-moddasi yangi norma bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, agar fuqaro Konstitutsiyaviy sudga shikoyat bilan murojaat qilsa va o‘z arizasida davlat hisobidan advokat ishtirok etishini so‘rab iltimosnoma kiritsa, Konstitutsiyaviy sud ushbu iltimosni ta’minlash choralarini ko‘rishi qat’iy shart qilib belgilandi. Bu qoida Konstitutsiyaviy sud zimmasiga fuqaroning huquqiy himoyasini yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha mutlaqo yangi va mas’uliyatli vazifa yuklaydi.
Ikkinchidan, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunning 9 va 17-moddalariga tegishli qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, 9-moddaga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifasiga “muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudiga murojaat etganlar” degan yangi toifa rasman qo‘shildi. Shuningdek, 17-moddaga kiritilgan o‘zgartirish orqali esa, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi vakolatli sub’ektlar qatoriga endilikda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi ham kiritildi.
Mazkur tarixiy o‘zgartirishlar shuni anglatadiki, endilikda kam ta’minlangan fuqarolar nafaqat umumiy yurisdiksiya sudlarida balki mamlakatning eng yuqori sud organi – Konstitutsiyaviy sudda ham davlat tomonidan kafolatlangan bepul va malakali advokat xizmatidan to‘laqonli hamda to‘siqsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Yangi tizimning eng katta yutug‘i va ijtimoiy ahamiyati shundaki, u “teng imkoniyatlar prinsipi”ni quruq deklaratsiyadan real hayotga izchil tatbiq etadi. Insonning ijtimoiy kelib chiqishi va moddiy ahvolidan qat’i nazar, har bir shaxs qonun oldida va sudda teng imkoniyatga ega bo‘lishi lozim. Davlat kam ta’minlangan fuqaroning advokatlik xarajatlarini o‘z zimmasiga olar ekan, bu qadam jamiyatdagi ijtimoiy sheriklik madaniyatini yuksaltiradi va aholining davlatga, odil sudlovga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini yanada mustahkamlaydi.
Albatta, har qanday qonunning hayotda real kuchga ega bo‘lishi va kutilgan natijani berishi uning ijro mexanizmlari qay darajada to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yilganiga bevosita bog‘liq. Shu sababli yangi qonunning 3 va 4-moddalarida tegishli ijrochilarga aniq va kechiktirib bo‘lmas vazifalar yuklatilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Adliya vazirligi zimmasiga ushbu qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida keng ko‘lamda tushuntirish, fuqarolarga o‘zlarining yangi huquqlarini sodda tilda yetkazish va yangi tizimni amaliyotga to‘liq joriy etish vazifasi yuklangan. O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasiga Hukumat qarorlarini ushbu yangi qonun talablariga muvofiqlashtirish hamda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining ushbu qonunga zid bo‘lgan o‘z idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va tezkorlik bilan bekor qilishlarini ta’minlash majburiyati yuklandi.
Bundan tashqari, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar mehnatiga haq to‘lash tizimi ham moliyaviy jihatdan davlat tomonidan to‘liq kafolatlanadi. Jarayonning shaffofligini ta’minlash maqsadida, Adliya vazirligining maxsus axborot tizimi orqali advokatlarni avtomatik ravishda tanlash va ularga mablag‘ ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu ishlar inson omilidan xoli tarzda, butunlay ochiq amalga oshiriladi. Ya’ni, davlat hisobidan yuridik yordam olish istagini bildirgan fuqaro “yuridik yordam” maxsus axborot tizimi orqali elektron shaklda yoki vakolatli davlat organiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri og‘zaki yoxud yozma shaklda murojaat qilishi kifoyadir.
Shuningdek, ishni ko‘rib chiqayotgan vakolatli organ yoki mansabdor shaxsga davlat hisobidan advokat ajratilishi haqida tegishli iltimosnoma berish orqali ham ushbu huquqni muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimining Konstitutsiyaviy sud darajasigacha kengaytirilishi O‘zbekistonda huquqiy davlat va adolatli jamiyat barpo etish yo‘lidagi muhim va tizimli qadamdir. Bu o‘zgarishlar bevosita oddiy xalq manfaatlariga xizmat qilib, har bir fuqaroning o‘z yurtida davlat himoyasida ekanini amalda, o‘z hayoti misolida his etishiga mustahkam sharoit yaratadi.
Zero, qonun ustuvorligi to‘liq ta’minlangan jamiyatdagina izchil iqtisodiy yuksalish, ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyot bo‘ladi. Yangi tizim fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish orqali mamlakatimizda inson huquqlari himoyasini mutlaqo yangi, yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Nilufarxon SAID-GAZIEVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Devon rahbari, yu.f.d.
O‘zA