Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamada
Surxondaryo viloyati sektorlar rahbarlari tumanlarda bo‘lib, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga bag‘ishlangan ochiq muloqotlar o‘tkazmoqda.
Jarqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi, birinchi sektor rahbari To‘ra Bobolov ishtirok etib, so‘nggi yillarda vohada yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi.
Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi mutasaddilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalliy kengash deputatlari, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar qatnashgan yuzma-yuz muloqotda shuningdek, Bosh qomusimizga insonning huquq va erkinliklari, tadbirkorlik va yerga oid masalalar, oila, mehnat munosabatlari, sud-huquq sohasi, ta’lim, tibbiyot, ekologiya va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda taklif etilayotgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida fikr almashildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarga mos Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar xalqimiz turmush darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.
– Agar bugungi va bundan besh yil oldingi hayotimizni solishtirsak, keyingi yillarda inson manfaatlari oliy qadriyat sifatida ulug‘lanayotganini chuqur his etamiz, – dedi Jarqo‘rg‘on tumani ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi rahbari, tuman kengashi deputati Umar Ibodullayev. – Masalan, bundan besh yil muqaddam qo‘limizdagi plastik kartamizda pul bo‘lsa ham uni hattoki, tuman markazida naqdlashtirish jiddiy muammo edi. Qishloq va chekka hududlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Tijorat banklari naqd pul yo‘qligini ro‘kach qilib, rangi sarg‘ayib turgan mijozning masalasini hal etishni paysalga solar edi. Endilikda bu masalada muammo yo‘q. Tuman markazi va olis qishloqlarda ham tunu-kun ishlaydigan bankomatlar o‘rnatildi. Istagan mablag‘ingizni naqd pul ko‘rinishida olishingiz mumkin. Yangilanayotgan O‘zbekistonimizda bu kabi misollar ko‘p. Demoqchimanki, bugun Bosh qomusimiz ham ana shunday yangilanishlarga mos o‘zgarishi kerak.
Shu ma’noda biz konstitutsiyaviy qonun loyihasiga xalqimiz taklifi asosida kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Shu kuni viloyat prokurori, ikkinchi sektor rahbari Sadriddin Turdiyev va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Botir Mardayev Termiz tumanida, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, uchinchi sektor rahbari Abduvohid Ismoilov, Oliy Majlis Senati a’zosi Arziqul Soatov, Qonunchilik palatasi deputati G‘ayrat Safarov Muzrabot tumanida tashkil etilgan ochiq muloqotda so‘zga chiqdi.
Tadbir ishtirokchilari Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga munosabat bildirdi. Yuzma-yuz muloqotlar yakunida tumanlar sektorlar rahbarlari va mahalliy kengash deputatlariga olis, chekka hududlar aholisiga ham konstitutsiyaviy qonun loyihasi haqida atroflicha ma’lumot berib borish tavsiya etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA