Konstitutsiyaviy islohotlar talaba-yoshlar muhokamasida
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Buxoro davlat universiteti talabalari bilan “Konstitutsiyaviy islohotlar talaba-yoshlar muhokamasida” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, Buxoro davlat universiteti talabalari, faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Majlis avvalida Yoshlar parlamenti a’zosi Z.Ahmadova tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qo‘shma majlislari hamda Konstitutsiyaviy komissiya yig‘ilishlarining mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz Prezidentining shu yil 20 iyun kuni Komissiya a’zolari bilan uchrashgani komissiya ishiga yangicha mazmun-mohiyat olib kirdi. Fuqarolarimizdan kelgan takliflar hamda Davlatimiz rahbarining mazkur uchrashuvda ilgari surgan taklif va g‘oyalari “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida o‘z aksini topdi. Xususan, davlat har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishi uchun davlatga qarashli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida uning umumiy o‘rta ta’limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini kafolatlashi, iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, ta’limni davom ettirishini kafolatlashi, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada o‘zini o‘zi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega bo‘lishi kabi takliflar talaba yoshlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
– bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni izchillik bilan davom ettirishda huquqiy poydevorni yanada mustahkamlash va keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qat’iy davom ettirish maqsadida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda aholining qariyb 60 foizini tashkil etuvchi yoshlarning ishtiroki hamda takliflari muhim, – deydi Yoshlar parlamenti a’zosi Z.Ahmadova. – Yoshlar, xususan, Yoshlar parlamenti bu jarayonda asosiy lokomotiv vazifasini o‘tashi hamda parlamentga yoshlarning huquq va manfaatlarini konstitutsiyaviy islohotlarda aks ettirishda yordamchi bo‘lishi zarur. Muhokamalar jarayonida Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga qo‘yilganligi, uning matni “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari hamda www.meningkonstitutsiyam.uz elektron platformasida e’lon qilinganligi haqida ma’lumot berildi.
So‘zga chiqqan yoshlar xalqimizning yangi davrdagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lmasdan, o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, mamlakatda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga intilayotganligini hamda konstitutsiyaviy islohotlarni xayrixohlik va yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlaganini alohida ta’kidlashdi.
[gallery-7770]
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA