Xalq suverenitetini amalga oshirishning va har bir davlat mustaqilligining zaruriy belgilaridan biri bu tarixiy va madaniy merosning mavjudligidir.
Yangi O‘zbekistonning konstitutsiyaviy islohotlarini o‘tmish an’analaridan ajratib bo‘lmaydi, chunki u millionlab odamlarning kundalik hayotini aks etadi hamda bir necha avlodlar uchun maqsadlar, vazifalar va xulq-atvor tamoyillarini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasida fuqarolarning burchlaridan biri sifatida O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini asrab-avaylash belgilangan. Shuningdek, madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasida ekanligi alohida ta’kidlangan. Mamlakatimizda 2017 yildan turizmni iqtisodiyotning strategik sektoriga aylanganligi hamda xalqaro standartlardan kelib chiqib, mazkur moddaga ma’lum o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadga muvofiqdir. Avvalo, ushbu merosdan foydalanuvchilar nafaqat O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, balki turistlar – ular xorijiy davlat fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda ko‘p fuqarolikka ega bo‘lgan shaxslar ham bo‘lishi mumkinligidan kelib chiqib, bu moddada keltirilgan “fuqarolar” atamasini “shaxslar” so‘zi bilan almashtirish tavsiya etiladi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 1996 yilda ratifikatsiya qilingan “Jahon madaniy va ekologik merosini muhofaza qilish to‘g‘risida” gi Konvensiyaga ko‘ra, turizm manzillarining eng muhim tarkibiy qismi hisoblangan – tarixiy va ekologik meros jahon hamjamiyati tomonidan muhofaza etiladi. Mazkur xalqaro normaning ijrosi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 35-maqsadida turizm va madaniy meros ob’ektlari infratuzilmasini rivojlantirish hamda mamlakatimizning 8 mingdan ortiq madaniy meros ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha davlat Dasturini qabul qilish bilan yana bir bora mustahkamlandi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Jahon Turizm Tashkilotining 2017 yilda imzolangan “Turizm etikasi to‘g‘risida”gi hadli Konvensiyasi – tabiiy va madaniy merosni turizmning salbiy ta’siridan himoya qilish, hamda turizmni rivojlantirish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa salbiy oqibatlarni oldini olishda xalqaro-huquqiy standartlarni joriy etishga asos yaratadi. Yuqoridagilar asosida tarixiy, ma’naviy va madaniy meros ob’ektlaridan foydalanuvchilarning atrof tabiiy muhitga hamda davlat va jamiyatning moddiy va ma’naviy qadriyatlariga zarar yetishini oldini olish orqali ularning kelajak avlodga yetkazilishi davlat tomonidan kafolatlanishining Asosiy Qonunimizga kiritilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Usmanova Surayyo,
JIDU dotsenti, yuridik fanlar falsafa doktori