Mamlakatimiz muhim siyosiy-ijtimoiy jarayon, keng ko‘lamli konstitutsiyaviy islohotlar bo‘sag‘asida turibdi.
Har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati, farovonligi hamda manfaatlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladigan, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy davlatni barpo etish kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy tizimni yaratish zaruratini yuzaga keltirdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohotlar uchun 9 ta zaruratni belgilab berdi.
Mazkur ustuvor vazifalarni ta’minlash maqsadida, o‘z sohasining yetuk mutaxassislaridan iborat Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, aholi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga doir Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Ayni damda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qaroriga asosan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkazilmoqda.
Qonun loyihasida avvalo inson qadri va manfaatini ta’minlash, shuningdek inson, jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlagan holda bir qator muhim o‘zgartirishlar taklif etilmoqda. Xususan:
Birinchidan, “inson – jamiyat – davlat” hamda “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan muhim prinsiplarni konstitutsiyaviy tarzda mustahkamlashga, xalqparvar ijtimoiy davlatni barpo etishga, inson va fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoyasini kuchaytirishga hamda vakillik institutlarining rolini yanada oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar taklif qilinmoqda.
Ya’ni, Konstitutsiyaga kiritilishi taklif qilinayotgan qoida va normalar, har bir inson shaxsiy hayotining daxlsiz bo‘lishi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishi huquqini yanada mustahkam kafolatlab bermoqda. Hech bir shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.
Ikkinchidan, loyihada insonning sha’ni va qadr-qimmatini, huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish, ularni himoya qilish davlatning majburiyati sifatida belgilash ham taklif etilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi qoidasining konstitutsiyaviy tarzda mustahkamlanishi, mamlakatda inson qadri va manfaati birlamchi ekanligini yana bir karra isbotlaydi.
Qayd etish kerakki, Bosh qomusimiz qabul qilingan vaqtdan boshlab shu kunga qadar inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari bo‘limiga atigi 1 marotaba o‘zgartirish kiritilgan edi. Bu galgi islohotlar esa, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida ushbu bo‘limni inson qadrini mustahkamlash nuqtai nazaridan tubdan qayta ko‘rib chiqilayotganligini hamda yigirmadan ortiq moddalarga muhim o‘zgartirishlar kiritilayotganligini, shuningdek inson huquqlari himoyasiga doir 5 ta yangi modda bilan to‘ldirilayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Birgina, davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish hamda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kiritilyotgan o‘zgarishlar ham aholining muayyan qatlamlari himoyasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchinchidan, taklif etilayotgan o‘zgartishlarda xususiy mulk daxlsizligini to‘liq kafolatlash, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga va monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini mustahkamlash, sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, oila institutini rivojlantirish, nodavlat tuzilmalar maqomini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish bilan bog‘liq normalar ham o‘z aksini topgan.
To‘rtinchidan, qonun loyihasida davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini yanada demokratlashtirish va takomillashtirish, jumladan, parlament vakolatlarini kengaytirish, huquqiy himoya tuzilmalari, jumladan advokatura institutini konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlash masalalari ham belgilab berilmoqda.
Beshinchidan, qonun loyihasida belgilangan muhim takliflardan yana biri inson va fuqarolarga malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlarni to‘liq kafolatlash, jumladan qonunda nazarda tutilgan hollarda bepul yuridik yordam ko‘rsatilishi bilan bog‘liq masalalarning kiritilishi Asosoiy qonunimizda insonparvarlik prinsiplarini qanchalik mustahkamlanganligini ko‘rsatadi.
Bir so‘z bilan aytganda Konstitutsiyamizga taklif etilayotgan o‘zgartirishlarning qabul qilinishi hamda amalga kiritilishi albatta Bosh Qonunimizni yanada real hayotiy hujjatga aylanishida hamda uni to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashida muhim ahamiyat kasb etadi.
Sherzod RABIEV
Yuristlar malakasini oshirish
markazi direktori.
O‘zA