Konstitutsiyaviy islohotlar — ilmiy hamjamiyat nigohida
Toshkent davlat yuridik universitetida “Konstitutsiyaviy islohotlar: ilmiy hamjamiyat nigohida” mavzusida ilmiy-jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan maqsad huquqshunos olimlar va amaliyotchilar o‘rtasida O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha ochiq muloqotni rivojlantirish, bu borada milliy va xorijiy ekspertlar bilan fikr almashish hamda tegishli ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ilgari surishga imkon berishdan iborat.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov hamda TDYUU rektori Akbar Toshqulov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Dastlab universitet prorektori, yuridik fanlari doktori, professor Baxshillo Xodjayevning “Raqobat va bozor iqtisodiyotining konstitutsiyaviy huquqiy asoslari” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.
Ilmiy muhokama doirasida konstitutsiyaviy normalarning inson huquq va erkinliklarini cheklovchi va davlatning cheklanmagan nazoratini yuzaga keltiruvchi jihatlari tahlil etildi. Shuningdek, iqtisodiyotning oshiqcha davlat ta’siri ostida rivojlanishiga imkon beruvchi amaldagi konstitutsiyaviy normalar yoki konstitutsiyaviy bo‘shliqlarni, davlat hokimiyatining samarali nomarkazlashishi uchun to‘siq bo‘layotgan konstitutsiyaviy normalar va bo‘shliqlarni muhokama etishga e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda ijtimoiy davlatni shakllantirish, ekologik muammolarni minimallashtirishga qaratilgan konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarni yaratish, raqamlashtirishning konstitutsiyaviy institutlarga nisbatan ta’sirini ilmiy jihatdan aniqlash kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Muhokamada ishtirok etgan professor-olimlar, Adliya vazirligi huzuridagi tashkilotlar mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish, jumladan, xususiy mulk daxlsizligi, inson huquqlari kafolatlari, ilmiy ijod erkinligi, jamoatchilik birlashmalari faoliyati bo‘yicha qator fikr-mulohazalar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA