Konstitutsiyaviy islohot nima uchun kerak?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan o‘z saylov okruglarida uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Ana shunday uchrashuvlarning biri Namangan muhandislik-qurilish institutida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muxtorjon Hojimatov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi faollari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, shu yilning 20 may kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining qo‘shma majlisida Bosh Qomusimizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish hamda tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.

– Konstitutsiyaviy islohot nima uchun kerak, uning asl mohiyati nimadan iborat, konstitutsiyaviy komissiya faoliyati qanday va qaysi tamoyillar asosida tashkil etiladi, kabi qator savollar tug‘ilmoqda, – deydi deputat Muxtorjon Hojimatov. – Bu kabi savollarga javob berish, keng jamoatchilik o‘rtasida tushuntirish, targ‘ibot ishlarini olib borish maqsadida saylov okruglarida uchrashuvlar tashkil etyapmiz. Konstitutsiyaviy islohotlar har bir fuqaro hayotida aks etishi kerak. Buning uchun eng avvalo, hamyurtlarimiz mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti, ertangi kelajagini ta’minlashda muhim o‘rin tutuvchi jarayonlarda faolliklarini ko‘rsata olishi ahamiyatga egadir.
Yurtimizda barcha sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jamiyatimizning tezkor taraqqiyoti asosiy Qonunimizni bugungi real voqelikka, demokratik yangilanishlar jarayonlariga mos bo‘lishini ta’minlash, mustahkam huquqiy zamin yaratishni dolzarb vazifaga aylantirmoqda. Shu boisdan ham muhim konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga kirishildi.

Konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni “Inson qadri uchun”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili asosida xalqimizning farovonligi yanada yuksalishiga, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan islohotlarni qat’iy davom ettirish uchun mustahkam poydevor bo‘lishi aytildi. Shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari, takliflarni ko‘rib chiqish tamoyillari to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir davomida Ekopartiyaning eng yosh partiya sifatida bugungi kunda olib borayotgan ishlari va uning Namangan shahar Kengashi faoliyati, shu jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, 5 iyun – “Butunjahon atrof muhitni muhofaza qilish” kuni, global ekologik muammolarning oldini olish, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, chiqindilarni tizimli boshqarish to‘g‘risida so‘z bordi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA