Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan kun muhim tarixiy sana hisoblanadi. Asosiy qonunimizda umume’tirof etilgan demokratik prinsiplar bilan birga, xalqimizning bebaho qadriyatlari va boy davlatchilik tajribasi ifoda etilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lib, unda Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari aks ettirilgan. Shu boisdan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya ijrosini to‘liq ta’minlash maqsadida inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari amalga oshirilishi kafolatlanishi bir vaqtning o‘zida ularni buzishga yo‘l qo‘yilmaslikni, ya’ni qonunlarda belgilangan burchlar bajarilishini talab etadi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining XI bobi “Fuqarolarning burchlari” deb nomlangan bo‘lib, undagi burchlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari qatori ularning huquqiy maqomining asosiy belgisi hisoblanadi. Agar huquq shaxsga o‘z harakatining turi va me’yorini tanlab olish imkoniyatini beradigan bo‘lsa, burch huquqiy normalarda belgilangan talablarni bajarishni taqozo etadi.
Davlat fuqarolar zimmasiga asosiy burchlarni yuklashi, ularning mazmuni va ko‘lamini batafsil bayon qiluvchi hujjatlarni ishlab chiqishni, burchlarni amalga oshirish shartlari va vositalarini belgilashni, ularni vijdonan, fidokorona bajarishdan bo‘yin tovlaganlarga nisbatan ta’sir choralarini ko‘rish kabi masalalarni hal etish vazifasini ham nazarda tutadi.
Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan har qanday burch fuqarolar uchun bajarilishi shart bo‘lgan majburiyatdir. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 59-moddasida “barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarini bajaradilar”, deb belgilangan. Mazkur qoida esa o‘z navbatida, konstitutsiyaviy burchlarning bajarilishi shart ekanini ko‘rsatib, barcha burchlarning bajarilishini ta’minlashga qaratilgan umumiy va rahbariy qoida sanaladi.
Bosh qomusimizning 60-moddasida esa bu burch yanada aniqlashtirilgan bo‘lib unga ko‘ra, “fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar” deb mustahkamlangan. Konstitutsiya va qonunlar ustunligining ta’minlanishi huquqiy davlatning muhim belgilaridan biridir, chunki qonuniylikni hukmron surishi – jamiyatdagi tartib va barqarorlikning asosi, davlat hayotida esa tinchlik va osoyishtalik garovidir.
Shu sababli, Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish burchi huquqiy munosabatlarning barcha sub’ektlari uchun umumiy talabdir. Bosh qomusimiz va qonunlarga rioya qilmaslik davlat tomonidan belgilangan qoidalarning buzilishiga, inson sha’ni va qadr-qimmati toptalishiga olib kelishi, o‘z navbatida, javobgarlik masalasiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Bosh qomusimizning 61-moddasida tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros muhofazasi ushbu fuqarolar burchi bilan bir qatorda, davlat tomonidan ham amalga oshirilishi belgilangan.
Insoniyatning omon qolishi uchun tabiatning buzilishi, havo, yer va suvning ifloslanishidan kattaroq xavf yo‘q. Shu munosabat bilan atrof-muhitni asrash jahon hamjamiyati tomonidan nafaqat har bir davlatning, balki sayyoramizdagi har bir insonning, ya’ni tabiat asosiy “iste’molchisi”ning birlamchi vazifasi va burchi sifatida e’tirof etilib, konstitutsiyaviy darajada fuqarolarning asosiy burchlaridan biri bo‘lib belgilangan. Alohida ta’kidlash joizki, Asosiy qonunimizda tabiat – jamiyat tizimidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus normalar ham belgilangan bo‘lib, ular ekologik huquqiy munosabatlar poydevorini tashkil etadi.
Konstitutsiyamizning bir nechta moddasida tabiatni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarimizdan oqilona foydalanish bilan bog‘liq ekologik-huquqiy normalar mustahkamlangan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 62-moddasida tarixda sinalgan umumbashariy qadriyatlar mujassam bo‘lib, unga ko‘ra fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar, deb qayd etilgan. Ta’kidlash joizki, atrof muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish ajdodlarimiz uchun ham o‘ta ahamiyatli masala hisoblangan, uni har qanday tajovuzdan himoya qilish qoidalarini esa ko‘p tarixiy-huquqiy manbalarda uchratish mumkin. Fuqarolarning asosiy burchi etib soliqlarni to‘lash ham ko‘p davlatlar konstitutsiyalarida o‘z aksini topgan.
Konstitutsiyaning 63-moddasiga ko‘ra, fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shart. O‘z navbatida, soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Soliqlar va yig‘imlarni joriy etishda yoki ularni oshirishda soliq to‘lovchilarning iqtisodiy ahvoli va mulkiy manfaatlari adolatli tarzda e’tiborga olinishi va muhofaza etilishi zarur.
Shu bilan birga, davlat ham fuqarolar uchun ortiqcha va og‘ir bo‘lgan soliqlar yoki boshqa yig‘imlarni joriy etmaslik bo‘yicha kafolat berishi, bu kafolat esa qonun bilan mustahkamlanishi kerak. Bu esa o‘z navbatida barcha soliq to‘lovchilarning qonun oldida tengligini ta’minlashga, ijtimoiy adolat prinsipining qaror topishiga, soliqlarni yig‘ish darajasining oshishiga, tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Asosiy qonundagi fuqarolarning konsitutsiyaviy burchlardan biri O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish burchidir. Konstitutsiyaning 64-moddasida belgilangan ushbu burch O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining o‘z Vataniga nisbatan sodiqligini namoyon etishiga, mamlakat manfaatlarini har tomonlama himoya qilishga, uning qudrati va obro‘-e’tiborini mustahkamlash uchun barcha choralarni ko‘rishi lozimligini ham nazarda tutadi. Ushbu talabga rioya qilmaslik esa nafaqat jazo, balki jamoatchilik tanbehiga ham olib kelishi mumkin.
Muxtasar aytganda, burchlar fuqarolarning to‘g‘ri xulq-atvorining alohida o‘lchovi, ularning huquq va erkinliklarini amalga oshirilishining kafolati va zarur shartidir. Aynan burchlarning amalga oshirilishi qonun ustuvorligini mustahkamlash omili bo‘lib, demokratik g‘oyalarni xayotga tadbiq etilishini ta’minlaydi.
Oqilaxon QORAXO‘JAEVA,
Toshkent davlat yuridik universitetining dotsenti,
yuridik fanlari nomzodi.
O‘zA