Munosabat
Xalqimiz xohish va istaklarini o‘zida aks ettirgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyil qat’iy belgilangani bejiz emas. Sababi, “ijtimoiy davlat” negizida “Inson qadrini ulug‘lash” g‘oyasi yotadi va bu ijtimoiy holatidan qat’i nazar, har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini kafolatlash, sifatli ta’lim va tibbiy xizmat, bolalar, xotin-qizlar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muhtojlar bandligi, uy-joy bilan ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitlarini kafolatlash demakdir.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda bu borada qator ijobiy tashabbuslar amalga oshirildi. Aynan ijtimoiy sohani rivojlantirish, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish masalalari har yili qabul qilinayotgan Davlat dasturlarida ustuvor vazifalar sifatida beligilandi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashkil etildi. Oliy Majlisning har ikki palatasida alohida shu yo‘nalishda parlament nazoratini amalga oshiruvchi qo‘mitalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Monomarkaz”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tashkil etildi, ishlayotgan pensionerga yuz foiz pensiya to‘lab berilmoqda. Aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi va mamlakatda kambag‘allik muammosi ilk bor tan olinib, amalga oshirilgan islohotlar sabab 23 foizdan 11 foizga tushirildi. Har bir mahallada kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadini oshirish uchun mas’ul bo‘lgan hokim yordamchilari, yoshlar yetkachisi, xotin-qizlar faoli kabi lavozimlar joriy etildi.
Ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida ko‘rsatish, aholining og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish maqsadida 2023 yilda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugun har bir hududda og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar hamda oilalarga ushbu markaz xodimlari tomonidan bevosita mahallaning o‘zida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Bu esa, insonlarning vaqti tejalishiga, ortiqcha ovora bo‘lmasdan o‘z muammolarini hal qilishiga va eng muhimi, bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘tgan davr mobaynida erishilgan yutuqlar tanqidiy tahlil qilinib, kelgusi yilda barcha mas’ul vazirlik va idora rahbarlari e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, “Inson” markazlari ochilib, 102 ta ijtimoiy xizmat mahallalarda yo‘lga qo‘yilgani, ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, 2024 yil reyestrda bo‘lmagan, yana 95 ming muhtoj odamga yordam ko‘rsatgani, 51 ming odamga nogironlik belgilanib, 26 ming nafari protez olgani. Yotib qolgan 4 ming yolg‘iz keksa aniqlanib, ularga uyining o‘zida parvarish tashkil etilib, nogironligi bor 5 ming nafar bola bog‘cha-maktabga joylashgani e’tirof etildi.
Ammo, barcha hudud rahbarlari ham yaratib berilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri va samarali foydalanmaganligi, natijada nogironligi bor shaxslarning bandligi darajasi respublikada 20 foizga yetgani bilan, Jalaquduq, Chimboy, Pastdarg‘om, Chortoq va Denov tumanlarida bu ko‘rsatkich ancha kam ekanligi, kelgusi yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy muassasa loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagani tanqid qilindi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga doir yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, kelasi yil 1 million 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, 2025 yili kambag‘allik yuqori bo‘lgan mingta mahallada yana bittadan oilaviy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Yangi yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab beriladi.
Kambag‘al oila farzandlarining o‘qib, hayotini o‘nglashi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Xususan, 118 ming yoshlar chet tili, axborot texnologiyalari va kasb-hunarga o‘qitiladi. Bu to‘garaklar xarajati 80 foizgacha byudjetdan qoplanadi. 2025 yilda 3,5 ming nafar shunday farzandlar oliy ta’limga grant asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Kambag‘al oilalardagi o‘zi harakatlana olmaydigan 23 ming nafar odamga ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki bolalari qarab o‘tiribdi. Yanvardan ularning 19 mingiga uyida va 4 mingiga kunduzgi qatnov asosida qarash yo‘lga qo‘yiladi. Natijada bu bilan band bo‘lgan 15 ming aholining qo‘li bo‘shab, ishlashi mumkin bo‘ladi. Bunday xizmatni ko‘rsatgan xususiy sektorga oila xarajatining 80 foizini davlat to‘lab beradi.

Bir qarashda bu kichik bir raqam bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo, 15 ming odamni o‘z qiziqishi va istaklaridan kelib chiqqan holda kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, nafaqat ularning, shu bilan birga, ular ortida turgan har bir oila a’zosining bugungi islohotlarga nisbatan daxldorlik hissi oshishiga, o‘zlarini jamiyatning bir bo‘lagi ekanliklarini his etishiga xizmat qiladi.
Qolaversa, kelgusi yilda kambag‘al oiladagi 460 ming odamga tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Buning uchun muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratiladi. “Ijtimoiy daftarlar” mablag‘i hisobidan 6 mingta oilaning uy-joy sharoitlari yaxshilanadi.
Yana bir ijobiy tashabbus hozirgi kunda fuqarolar ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun 10 dan ortiq hujjatni olib yurishga majbur. Endi bularning o‘rnini bosadigan bitta – “ijtimoiy karta” joriy etiladi. U bilan jamoat transportida bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi. Nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi.
Ijtimoiy karta nafaqat ijtimoiy yordam olish va imtiyozlardan foydalanishni osonlashtiradi, bunda ijtimoiy siyosat ma’murchiligi arzonlashadi. Katta axborotlarni jamlash, qayta ishlash va tahlil qilish, imkoniyati paydo bo‘ladi. Ijtimoiy yordam va imtiyozlarni yetkazishda korrupsiya va byurokratik to‘siqlar bartaraf etiladi.
Umuman olganda, ushbu tashabbuslar “Adolat” SDPning jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyilini qaror toptirish maqsadida ilgari surgan takliflariga hamohangligi bilan yanada ahamiyatlidir. Partiya o‘z dasturida har bir inson uchun farovon turmush, xususan, sifatli ta’lim, munosib mehnat sharoit va adolatli ish haqi, pensiya va nafaqalar, ijtimoiy yordam va xizmatlar tizimi yaratilgan, uy-joyga ega bo‘lish sharoiti mavjud, ijtimoiy tafovutlar yumshatilgan, muvozanatlashgan, qonun ustuvor bo‘lgan, o‘z fuqarolari uchun adolatni ta’minlagan ijtimoiy davlat qurishni ilgari surgan.
Qolaversa, bu yo‘nalishda belgilab berilgan vazifalar, biz xalq vakillariga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Boisi, ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar samarasi, ajratilgan byudjet mablag‘larining to‘g‘ri va manzilli sarflanishida ta’sirchan parlament va deputatlik nazoratining o‘rni har qachongidanda muhim.
Gulnoraxon Abduvohidova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash va
ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi