Konstitutsiya – yoshlar taqdirini belgilovchi hujjat
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami yaqinlashib kelmoqda.
Barchamizga ma’lumki, konstitutsiya atamasi qadimda siyosiy tuzum ma’nosini anglatgan. Konstitutsiya huquqiy davlatning asosiy belgisi hisoblanadi. Unda jamiyatning ijtimoiy-siyosiy xususiyati, taraqqiyotning bosh mezonlari, mamlakat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari o‘z ifodasini topadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yurtimizda iqtisodiyot, ijtimoiy-siyosiy munosabatlar va ma’naviy hayotda chuqur islohotlar o‘tkazish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qildi va qilmoqda. Eng avvalo, mazkur tarixiy hujjatda millatimizning asriy an’analari, hududiy tafakkuri o‘z aksini topdi. Mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi jahon hamjamiyatining inson huquqlari sohasidagi yutuqlarini o‘zida mujassam qildi. Inson huquqlari sohasidagi yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, mulkdor bo‘lish va boshqa shu kabi huquqlarni aks ettirdi.
Konstitutsiya nafaqat yuridik hujjat, balki u milliy mafkuramizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy asosini tashkil etuvchi umuminsoniy g‘oyalarga xizmat qiladi. Davlat va jamiyat rivojlanishining muhim yo‘nalishlarini va ularning tuzilishlarini belgilab beradigan, tartibga keltiradigan oliy yuridik hujjat konstitutsiya ekani sir emas.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jahondagi yirik siyosatshunos-ekspertlar tomonidan xalqaro me’yorlarga to‘la javob beradigan mukammal hujjat sifatida tan olingan. Farovon turmushimiz rivojida, Vatanimiz va xalqimiz taqdirida Konstitutsiyaning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Konstitutsiyamizda eng oliy qadriyat sifatida asosiy e’tibor davlat va ijtimoiy tuzumga emas, balki inson manfaatlariga qaratilgan. Uni ta’riflar ekanmiz, hayotimizning muhim qomusi deb bilishimiz va qadrlashimiz kerakligini his etishimiz zarur.
Konstitutsiyamizning ahamiyati va mohiyati haqida gapirar ekanmiz, avvalo, shuni e’tirof etib o‘tishimiz lozimki, mamlakatimizda huquqiy davlat, demokratik jamiyat barpo etish, inson manfaati, huquq va erkinliklarini eng oliy va ustuvor qadriyat sifatida qaror toptirish borasida o‘tgan davr mobaynida qonunchilik sohasida va amaliy siyosatimizda qanday natija va yutuqlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsak, ularning barchasi Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan talab va tamoyillar bilan uzviy bog‘liqdir.
Biz qurayotgan yangi jamiyat, hayotimizga tobora kirib kelayotgan yangilanish jarayonlari, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning taqdiri va kelajagi, avvalo, xalqimizning bu o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashiga, odamlar dunyoqarashi va faolligi, ularning ongu tafakkurining yuksalishiga bog‘liqdir. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida shunday fikrni aytib o‘tgan edilar:
“Mana shunday murakkab sharoitda biz faqat xalqimizning aql-zakovati, bukilmas irodasi va salohiyatiga, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga tayanib, ayni vaqtda dunyo hamjamiyati bilan hamkor bo‘lib, dadil oldinga borishimiz shart. Bu borada bizga Konstitutsiyamiz hamisha rahnamo bo‘lib, beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi”.
Chindan ham, Bosh qomusimizning qabul qilinishi muhim siyosiy, huquqiy hujjat sifatida jahonda yangi, suveren, istiqboli porloq davlat dunyoga kelganining o‘ziga xos shahodatnomasi bo‘ldi. Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash eng katta qadriyatlardan biri sifatida mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan, 41moddada har kimning bilim olish huquqi kafolatlangan bo‘lsa, 18-moddada O‘zbekistonda barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida teng ekanini qayd etilgan. Yoshlar kasbhunar tanlashda, mehnat qilishda, bilim olishda, dam olishda, ish haqi olishda, ijtimoiysiyosiy va madaniy hayotda konstitutsiyaviy huquq va kafolatlardan teng foydalanadi.
Yana bir e’tiborga molik jihat. Bosh Qomusimizning muqaddimasida “hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatini anglagan holda” degan so‘zlar qayd etiladi. Mazkur jumlaning tub mohiyatida mamlakatning ertangi kuni, kelajagi yoshlarning qo‘lida ekanini mujassamdir. Zero, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan e’tibor har qachongidanda baland.
Chunki har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘li, rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”, deb ta’kidlaganlari ham bejiz emas.
Muxtasar aytganda, yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun O‘zbekiston bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda. Chunki yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori bo‘ladi.
Erkinjon MAHMUDOV,
Qo‘qon shahar adliya bo‘limi boshlig‘i