Har qanday davlatning bosh qonuni Konstitutsiya hisoblanadi. Konstututsiya so‘zi lug‘aviy jihatdan “Nizom”, “Qoidalar to‘plami” degan ma’noni anglatadi. Lekin mazmun-mohiyatiga ko‘ra, ushbu hujjat mamlakat, uning fuqarolari hayotida juda muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida e’tirof etishimiz lozim.
Mamlakatimiz Bosh Qomusida jamiyat va davlat, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tuzilishi hamda faoliyatining asosiy prinsplari, ularning vakolatlari, fuqarolarning asosiy huquq va burchlari, jamiyat va shaxs o‘rtasidagi munosabatlar belgilab berilgan. Amaldagi barcha qonunlar va boshqa hujjatlar Konstitutsiya negizida va muvofiq tarzda qabul qilinadi.
Ta’kidlash joizki, 1992 yil 8 dekabrda XII chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XI sessiyasida Qabul qilingan Konstitutsiyamiz mamlakatimizda xuquqiy-demokratik davlat qurish va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishning xuquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Yangilangan Konstitutsiyamiz esa yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro borki uning huquq va erkinliklarini jamiyatdagi o‘rnining barqarorligini ta’minlashga yanada kengroq imkoniyatlarni yaratib berdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Bosh Qomusimiz “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tish”ning mustahkam huquqiy poydevoridir.
Jonajon O‘zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egalladi, tom ma’noda ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Ana shu mashaqqatli va sharafli yo‘lda erishgan barcha yutuqlarimizni, eng avvalo, Konstitutsiyamiz bilan bog‘lashimiz ham bejizga emas. Nega deganda, asosiy qonunimiz halqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatini belgilab berdi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi halqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak na’munasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va farovon, osoyishta yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda.
Bosh Qomusimizda mustahkamlab qo‘yilgan tegishli moddalar halqimizning orzu-umidlari, buguni va kelajagiga javob bera oladigan ustuvor tamoyillarning naqadar to‘g‘ri ekanligini amalda isbotlab kelmoqda. Ta’kidlash joizki inson huquqlari oliy qadriyat deb belgilangan Konstitutsiyamizda davlat ham, jamiyat ham, avvalo inson manfaatlariga xizmat qilishi, uning haq-huquqlarini himoya etishi ustuvor tamoyil sifatida aniq belgilab qo‘yilgan.
Konstitutsiya tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan islohatlar zamirida, mustaqilligimizni mustahkamlash, aholi turmush-tarzi va farovonligini yaxshilash, Yangi O‘zbekistonning yuksak darajada rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin egallashi kabi maqsadlar mujassam.
Binobarin, bugungi kunda yangilangan Konstitutsiyamizning har bir moddasi, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz tinchligi va hayotimiz farovonligiga ijobiy tomondan muhim o‘zgarishlar kiritishini har birimiz yurakdan his qilmog‘imiz lozim. Buning uchun asosiy qonunimizni umumta’lim maktablarida, oliy ta’lim muassaslarida, mahalla va mehnat jamoalarida tizimli ravishda o‘rganish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz biz uchun ham qarz ham farzdir.
S.Isakov,
Jamoat xavfsizligi universiteti
kafedra boshlig‘i o‘rinbosari