Konstitutsiya – tinch va osuda kunlar kafolati
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Buxoro viloyati va G‘ijduvon tumani Kengashlari tashabbusi bilan “Konstitutsiya – tinch va osuda kunlar kafolati” tadbir tashkil etildi.
Targ‘ibot-tashviqot tadbirida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, parlamet quyi palatasi va mahalliy kengash deputatlari, partiya viloyat va tuman, shahar Kengashi mas’ullari, faxriylar Kengashi a’zolari, peshqadam tadbirkor va fermerlar, ayollar va yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbirda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek oliy maqsad sari qo‘yilgan qadamlar albatta asosiy qonunimizni yangilash zarurligini taqozo etgani va yangi tahrirdagi hujjatda O‘zbekiston ijtimoiy davlat degan g‘oya asosiy mezon qilib olingani ta’kidlandi. Konstitutsiyamizni qayta ishlab chiqishda bevosita xalqning takliflari, xohish-istaklari e’tiborga olingani, hujjat referendumga qo‘yish orqali qabul qilinishi qayd etildi.

Darhaqiqat, Yangilanayotgan Bosh qomusimizda milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash hamda mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda. Jumladan, nafaqat bank omonatlari, balki bank operatsiyalari va hisob varaqlarning ham sir tutilishi kafolatlanmoqda. Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi o‘rnatilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonovaning fikricha, yangilanayotgan Konstitutsiyaga muvofiq davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlanishni mustahkamlamoqda. Mazkur norma investorlarning ishonchini mustahkamlashga, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Targ‘ibot tadbirida Parlament quyi palatasi deputati Madina Barotova so‘z olar ekan, yangi tahrirdagi Asosiy qonun xalqimizning huquq va manfaatlari, erkinliklarining himoyasini har tomonlama ta’minlashini, zotan Bosh Qomusimizning barcha moddalarida inson omili oliy maqsad qilib olinganligini qayd etdi.

Hech shubhasiz, har bitta yurtdoshimiz Konstitutsiya sharofati tufayli huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlatda amalga oshirilayotgan islohotlardan to‘liq bahramand bo‘ladi. Partiya viloyat Kengashi huzuridagi Faxriylar Kengashi raisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Behbud Jumayev mamlakatimizda mehnat faxriylari chinakamiga faxrimizga aylanayotgani, bugun inson qadri har narsadan ustunligi, “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili tobora ustuvorlik kasb etib borayotganini e’tirof etdi.
E’tiborlisi, ushbu muhim va xalqparvar jarayon endilikda xalqchil Konstitutsiyada ham o‘z ifodasini topganligi bois, yoshu-qari joriy yilning 30 aprelida o‘tkaziladigan referendumda yakdillik bilan ovoz berishni ko‘ngillariga tugib qo‘ygan. Negaki, Konstitutsiya bugunimiz va ertamiz, uzoq yillarga mo‘ljallangan huquqiy hujjat har tomonlama mukammal, inson va uning manfaatlariga to‘la-to‘kis xizmat qiladigan hayotbaxsh dasturilamaldir.
–Tadbirkorlikni boshlaganimga ancha yillar bo‘ldi, – deydi mahalliy tadbirkorlardan biri, tuman Kengashi deputati Zamira Safarova. – Bor yo‘g‘i 2-3 kishi bilan o‘z faoliyatimni boshlagan bo‘lsam, bugungi kunda 45 nafar hamyurtlarimizning bandligi ta’minlangan “G‘ijduvon mashhurasi” xususiy korxonasiga rahbarlik qilyapman. Asosan, qurilish-pardozlash materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektimiz faoliyatining samarasi o‘laroq dunyodagi bir qator mamlakatlarga, jumladan, Turkiya, Qirg‘iziston, Isroil, Niderlandiya singari davlatlarga eksport mahsulotlarini yuboryapmiz. Erishayotgan yutuqlarimizning barchasi yurtimizda soha xodimlari uchun yaratib berilgan imkoniyatlar sharofatidir. Men oila a’zolarim va mehnat jamoam bilan birga joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda ishtirok etaman. Vatanimiz ravnaqi, elimiz tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi kafolati bo‘lgan Konstitutsiyani yoqlab ovoz berishga barchani chaqirib qolaman.
Tadbirda Buxoro tumanidagi “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Muhammad Ahmedov ham so‘zga chiqib, o‘zini to‘la oqlayotgan klaster tizimi yurtimiz agrar sohasida ham pirovard natijalarni berib kelayotganini, bu ayniqsa paxta to‘qimachilik klasterlari faoliyatida aniq ko‘zga tashlanayotganligini aytib o‘tdi.
Targ‘ibot-tashviqot tadbirida so‘z olganlar o‘z hamyurtlarini referendum kunida Yangilanayotgan Konstitutsiya uchun ovoz berishga chaqirdi.
Tadbir davomida mahalliy san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq va jozibali raqslar barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Shu kuni partiya lideri “Parvoz Xumo Ravnaq Trans” MCHJ hamda tumandagi “Tillo” fermer xo‘jaligida ham bo‘lib, mehnat jamoalari a’zolari bilan bo‘lajak referendum hamda konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi. Korxona ishchi-xizmatchilari hamda fermerlar 30 aprelda Yangilanayotgan Konstutsiya uchun yakdillik bilan ovoz berishlarini bildirdi.
Zarif Komilov,
O‘zA