Konstitutsiya – qomus, faxr!
Joriy yilda Konstitutsiyamizning qabul qilinganiga 32 yil to‘lishi keng nishonlanadi. Bu bayram har bir yurtdoshimiz qalbiga cheksiz quvonch, faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Boisi, bizning huquq va burchlarimiz aynan Bosh qomusimiz orqali ifodalanadi.
Mustaqil davlatda ichki va tashqi siyosat, demokratiya, inson huquqlari kafolati, adolat ta’minlanishi, birinchi galda davlatning Asosiy qonuni – Konstitutsiyasining mavjudligi bilan bog‘liqdir. Shu bois, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Natijada davlat qurilishi jabhalaridagi munosabatlar, milliy qonunchiligimiz barcha sohalarini tartibga soluvchi aniq huquqiy mexanizm yaratildi.
Bosh qomusimizda, ayniqsa, inson omili yuksak darajaga ko‘tarilgan. Ya’ni unda har bir shaxsning yashash huquqi, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi belgilangan. Hech bir fuqaro qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi aniq bayon etilgan. Bu yo‘l bilan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolar hayoti va ularning erkin nafas olish hamda so‘z erkinliklari asosiy o‘rinda turishi yaqqol belgilab qo‘yildi.
Qolaversa, so‘z va e’tiqod erkinligi, axborot izlash, olish va uni tarqatish huquqi, fikr yuritish va uni ifoda etish, vijdon erkinligi kabi o‘nlab huquqlarimiz Konstitutsiyada shaxsiy huquqiy erkinliklar sifatida mustahkamlab qo‘yilgan. Buni 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
– Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 29-moddasida shaxsning burchlariga oid normalar mavjud, – deydi TDSHU dotsenti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori A.Primov. – Birinchidan, har bir inson jamiyat oldida burchlidir, faqat shu holatdagina uning shaxsi erkin va to‘liq kamol topishi mumkin. Ikkinchidan, har bir inson o‘z huquqi va erkinliklaridan foydalanishda o‘zgalarning huquq va erkinliklarini demokratik jamiyatda yetarli darajada bo‘lishi hamda hurmat qilinishiga rioya qilish, axloq, jamoat tartibi, umumfarovonlikning odilona talablarini qondirish maqsadida qonunda belgilangan cheklanishlarga rioya qilishi kerak. Uchinchidan, ushbu huquq va erkinliklarni amalga oshirish BMT ning maqsad va qoidalariga zid bo‘lmasligi kerak.
Konstitutsiyamizning 11-bobiga ko‘ra, fuqarolar quyidagi burchlarga ega:
• Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilish, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish;
• O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini asrab-avaylash;
• atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;
• qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lash;
• O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish.
Konstitutsiyamizda fuqarolarning siyosiy huquqlari kafolatlangani ularning o‘z qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyat va davlat ishlarida ishtirok etishda siyosiy faolligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy yordam olish, bepul malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.
Bu, albatta, yurtimizda fuqarolarga g‘amxo‘rlik qilish, odamlar salomatligini mustahkamlash, bir so‘z bilan aytganda, har bir shaxs uchun qayg‘urish hukumat e’tiborida ekanini anglatadi. Bularning barchasi amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida xalq manfaatlarini namoyon etishning asosidir.
O‘z navbatida, fuqarolar ham yurt taqdiriga befarq bo‘lmasdan, jamiyat rivojiga hissa qo‘shishi Bosh qomusimizga bo‘lgan hurmatni anglatadi. Konstitutsiyaga hurmat esa Vatanga sadoqatni bildiradi. Bu jamiyat hayotining mezoni bo‘lgan Konstitutsiyani har tomonlama chuqur o‘rganib, ma’nosini to‘la anglab, uni hayotimizga doimiy dasturiamal qilib olishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Konstitutsiyamizdagi qoidalarga amal qilishimiz Vatanga sadoqatimizning asosiy va zarur bo‘lgan belgilaridandir.
Barcha yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, ularga og‘ishmay rioya qilish burchimizdir. Osmoni musaffo, tinch va obod, mustaqil diyorda yashayotganimizning o‘zi katta baxt.
Shunday yurtga sadoqat bilan mehnat qilish, uning gullab-yashnashi uchun hissa qo‘shish zarur. Berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda porloq kelajak yaratib, O‘zbekistonning shuhrati butun dunyo bo‘ylab keng yoyilishi uchun mehnat qilishimiz, doimo oldinga intilishimiz zarur.
Bizlarga ko‘rsatilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun munosib javob qaytarishimiz darkor.
Nodira ABDUSATTOROVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Xalqaro jurnalistika yo‘nalishining 4-bosqich talabasi
O‘zA