Konstitutsiya – mustaqil davlatchiligimiz asosi
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini jamiyat hayotiga tatbiq etish, uning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish yuzasidan mahalliy hokimlik va davlat idoralarida amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida ham Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan oʻquv-seminar tashkil etildi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan yangi tahrirdagi asosiy qomusimizdan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Ushbu Farmon ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur oʻquv-seminar davomida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan asosiy prinsiplar, inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari hamda jamiyat va shaxs masalalari, davlat hokimiyatining tashkil etilishi, saylov tizimidagi fundamental vazifalar kabi mavzular yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi Oʻzbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslari, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berishga xizmat qilayotganligi tahsinga sazovor.
Shuningdek, yangilangan Konstitutsiya Oʻzbekiston uchun hayotiy zarurat boʻlib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun gʻoyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yoʻlida ulkan qadam ekanligi taʼkidlandi.

Soʻnggi olti yilda erishgan yutuqlarimiz, xususan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, soʻz va eʼtiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hal qilingani, qoʻshnilarimiz bilan oramizdagi 25 yillik “muzlar erigani” va boshqa ijobiy harakatlar ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasini taʼminlash zarur edi. Bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qoʻyish talab etildi.
Hammamiz guvohi boʻlayapmizki, dunyoda har kuni kutilmagan xavf-xatar va tahdidlar yuzaga chiqmoqda. Bugungi ziddiyatli jarayonlar, iqtisodiy qarama-qarshiliklar qachon va nima bilan tugashini bashorat qilib boʻlmaydi. Hatto, ayrim davlatlarning dunyo xaritasida qolish-qolmasligi savol ostida qolayotgani ham sir emas. Jahondagi qariyb 100 million odam oʻz hayotini saqlash uchun boshqa yurtlarda boshpana izlab yurgani, oziq-ovqat yetishmasligi, energiya resurslari taqchilligi, pandemiya kabi global muammolar rivojlangan davlatlar aholisini ham jiddiy oʻylantirdiki, bularning bari bizga ham taʼsir koʻrsatmasligi mumkin emas.
Qolaversa, mintaqamizdagi vaziyat ham bizni jiddiy tashvishga solmay qoʻymaydi – yonginamizda qariyb 50 yil notinchlik davom etdi.
Mamlakatimiz har jihatdan katta davlatga aylandi. Aholimiz 2040-yilga borib 50 millionga yetadi, jamiyatning yarmidan koʻpini yoshlar tashkil qiladi. Ularga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar boʻlishi lozim.
Taʼkidlash kerakki, yangi Konstitutsiyadagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Yaʼni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.
Xulosa oʻrnida shuni alohida taʼkidlash joizki, Yangi Konstitutsiya orqali, har bir insonning shaʼni va qadr-qimmati huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Yurtimizni insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi huquqiy asoslandi. Xalqimiz muallifligida ishlab chiqilgan Yangi Oʻzbekistonning Yangi Konstitutsiyasi mamlaktimiz taraqqiyoti, fuqarolarimiz turmush tarzini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ahror XUDOYBERDIYEV,
yuridik fanlar doktori, professor.
OʻzA