Konstitutsiyaning muqaddimasi uning kirish qismi bo‘lib, u Bosh qomus qabul qilishdan ko‘zlangan maqsadni ifodalaydigan, uning asosiy qismida keng ochib beriladigan konstitutsiyaviy tuzum belgilari va yo‘nalishlari mazmuni umumlashgan holda aks etadigan muhim qismdir.
Uning ahamiyati Konstitutsiya qabul qilinishining zaruratini e’lon qilish orqali, shu davrgacha xalqning bosib o‘tgan yo‘li, taraqqiyotining bosqichlarini tavsiflovchi xususiyatlarini qamrab olib hamda davlatning mohiyati va bosh vazifalarini o‘zida ifoda qilishida namoyon bo‘ladi.
Shu bois ham uning matni mazmunan mafkuraviy, g‘oyaviy va siyosiy jihatdan yo‘naltirilgan bo‘lishi tabiiy. Muqaddima (lotincha preambulus – peshqadam, ilk, muqaddam ma’nolarini anglatadi) – biron-bir juda muhim hujjatning qabul qilinishi sabablarini ifodalovchi kirish qism hisoblanadi. U loyihaning boshlanishida joylashadi. Muqaddima uning mazmunini mantiqiy rivojlantiruvchi bir nechta xatboshidan iborat bo‘ladi.
1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining kirish qismi – muqaddimasida O‘zbekiston xalqini tashkil etuvchi barcha insonlar nomidan vakolatli organ bo‘lgan parlament – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining deputatlari tomonidan mazkur Konstitutsiyaning qabul qilingani e’lon qilingan. Ushbu muqaddimada O‘zbekiston xalqining mustaqil taraqqiyot yo‘li eng muhim sakkizta siyosiy-huquqiy g‘oya va prinsiplarga, milliy qadriyatlarga tayanishi aniq ko‘rsatib berilgan.
Joriy yilning 25 iyun kuni matbuotda e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini umumxalq muhokamasiga qo‘yish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qarori mamlakatimizni yangilash va uning rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Hozir ushbu loyiha yuzasidan umumxalq muhokamasi amalga oshirilmoqda.
Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiyaga turli soha vakillaridan minglab takliflar kelib tushmoqda. Umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilingan loyihada jami 128 ta moddaning teng yarmiga 200 dan ortiq o‘zgartirish kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda. Ular orasida inson huquq va erkinliklari, jamiyat rivoji, davlat boshqaruvini takomillashtirishga oid juda muhim yangiliklar borligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
E’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan muhim jihat bu – qonun loyihasidagi Konstitutsiya muqaddimasining mazmundorligi va o‘ziga xosligidir. Amaldagi Konstitutsiyamizning muqaddimasida ustuvorlik qisqalikka berilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki undagi ayrim g‘oyalarni maxsus sharhlamasak yoki Konstitutsiyaning boshqa normalariga murojaat qilmasak, uni tushunish imkoniyati cheklangan. Shu bois taklif qilingan loyihada muqaddimaning hajmi kengaytirilib, mazmunan boyitilgan.
Bundan tashqari, loyihada yangi “insonning qadr-qimmati”, “fuqarolik jamiyati”, “ijtimoiy va dunyoviy davlat”, “ma’naviy taraqqiyot”, “atrof-muhit musaffoligi”, “tinchlik va do‘stona munosabatlar”, “konfessiyalararo totuvlik hamda bag‘rikenglik” kabi bunyodkor g‘oyalarning aks etgani har bir fuqaroning dilidagi istaklarni ifoda etadi.
Loyiha mazmunini miqdoriy tahlil qilganimizda, amaldagi muqaddima qismida o‘n uchta g‘oya berilgan bo‘lsa, loyihada ellikdan ortiq g‘oya mujassam etilganini ko‘rish mumkin.
Ushbu g‘oyalarni aks ettirishdan maqsad nima?
Maqsad shundan iboratki, shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda muhim o‘rin egallaydigan qadriyat va tushunchalarni konstitutsiyaviy darajada to‘laroq aks ettirish. Buning natijasida uchta sub’ekt (shaxs, jamiyat va davlat)ning huquq va manfaatlari to‘laroq ifoda etiladi. Soddaroq qilib aytganda, yangi maqsadlar belgilab olinadi, ulug‘vor vazifalar belgilanadi, konstitutsiyaviy qadriyatlar ko‘lami kengayadi.
E’tiborlisi, amaldagi muqaddimadagi to‘qqizta xatboshiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, ular yangi mazmun bilan boyitildi. Shundan ikkitasi, to‘liq tahrir etildi. Yangicha mazmunga ega bo‘lgan to‘rtta mutlaqo yangi xatboshi kiritilib, ularning jami soni o‘n bittaga yetkazildi. Shuningdek, amaldagi muqaddimada aks etgan eng ilg‘or va demokratik g‘oyalar to‘liq saqlab qolindi.
Misol sifatida aytish mumkinki, muqaddima “O‘zbekistonning yagona xalqi” tushunchasi bilan boshlanadi. Amaldagi tahrirda ushbu birikma “O‘zbekiston xalqi”, deb boshlanadi. Taklif etilgan tahrirda xalqimizning yagona va bo‘linmasligiga urg‘u berilmoqda.
Yana bir misol. Amaldagi “hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatini anglagan holda” deb berilgan tahrirdan “har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati, farovonligi hamda manfaatlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladigan, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish hamda mustahkamlash borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatimizni anglagan holda” deb belgilash taklif etilmoqda. Mazkur normaning o‘zi insonni ulug‘lash, uning manfaatlarini himoya qilish bilan bir qatorda davlatning ijtimoiy mohiyatini mazmunan “ijtimoiy va dunyoviy” tushunchalar bilan boyitmoqda.
Taklif etilgan loyihada “ochiq, adolatli va barkamol fuqarolik jamiyatiga intilib”, “mamlakatimizning barqaror rivojlanishini, yoshlarning munosib hayot kechirishini, shu maqsadda ta’lim, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat taraqqiyotini ta’minlashga intilib”, “bizgacha yetib kelgan tabiiy, madaniy, moddiy va ma’naviy qimmatliklarni hamda boyliklarni ko‘paytirishga va muhofaza qilishga, atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil bel bog‘lab” kabi mutlaqo yangi bo‘lgan iboralarni ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonning jahon hamjamiyati va eng avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlik va hurmat qilish, tinchlik va totuvlik asosidagi uyg‘un, do‘stona munosabatlarini mustahkamlashga hamda rivojlantirishga intilib, mazkur Konstitutsiyasini qabul qilinishiga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, qolgan xatboshilar mazmunida ham yangi g‘oyalar ifoda etilmoqda. Masalan, ilk bor “millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni hamda bag‘rikenglikni ta’minlash” maqsadi aks ettirildi. Ushbu g‘oyaning naqadar ahamiyatli ekanini bugun hammamiz yaxshi anglaymiz.
Yuqorida berilgan har bir g‘oyani uzoq sharhlash mumkin. Chunki ularning har biri barchamizning hayotimizda beqiyos ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Konstitutsiyasining takomillashuvi Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, Uchinchi Renessans poydevoriga asos solish borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning ishonchli asosi bo‘lishi shubhasiz.
Uning muqaddimasida berilgan g‘oyalar xalqimizning azaliy orzularini aks ettiradi. Shu bois uni tushunishimiz va hayotimizda his qilishimiz alohida dolzarblik kasb etadi. Pirovardida, jamiyat ushbu g‘oyalar orqali xalqparvar davlat qurish va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish tomon intiladi.
Xushvaqt HAYITOV,
yuridik fanlar doktori, professor
O‘zA