Konstitutsiya – milliy qonunchilik asosi
Konstitutsiya har bir demokratik davlatning huquqiy ustuni hisoblanib, barcha qonunosti hujjatlar yaratilishida asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qayerda qonunlar xalq manfaatlariga xizmat qilsa, adolat tamoyillari asosiga qurilsa, o‘sha yurtda aholi farovon yashaydi. Qabul qilinganiga 29 yil to‘layotgan Asosiy qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham ichki tuzilishiga ko‘ra quyidagichadir: “fuqaro-jamiyat-davlat”. Ushbu uchlikning o‘zaro aloqalari fuqaro huquq va erkinliklarining ustuvorligi va o‘zgarmasligi prinsipiga asoslanadi.
Bosh qomusimiz muqaddimasida inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqlik tantanali ravishda e’lon qilinib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyat anglangan holda, o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanilib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat namoyon etilib, xalqaro huquqning umume’tirof qilingan qoidalari ustunligi tan olingan holda, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishini ta’minlashga intilib, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish ko‘zlanib, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘z normalari orqali davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.
Konstitutsiya matni ilk bor 1992 yil 15 dekabr sanasida «Xalq so‘zi» gazetasining 247-sonida e’lon qilingan. Davlatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng qabul qilingan va hozirga qadar vakolatli organlar tomonidan qabul qilinayotgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarning qoidalari Konstitutsiyaga mos, uning normalariga muvofiq bo‘lishi shart. Shu ma’noda milliy qonunchiligimiz jamlanmasini bir kitob deb tasavvur etsak, Konstitutsiyani uning mundarijasi deyishimiz mumkin. Bilamizki, kitob mundarijasida unda mavjud ma’lumotlarning mazmuni nima haqida ekanligini aniqlashtirib beradigan mavzu va masalalar nomi aks etadi. Xuddiki, Konstitutsiya moddalari ana shu nomlar bo‘lsa, kitob ichidagi ma’lumotlarni qonunchilikdagi normalarga o‘xshatish mumkin. Aniqki, kitobda mavjud ma’lumotlar uning mundarijasiga nomuvofiq bo‘lishi mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni 8-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining so‘zsiz ustuvorligi tan olinishi, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega ekanligi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llanilishi, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinishi hamda uning normalari va prinsiplariga zid bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni normativ-huquqiy hujjatlarning iyerarxiyasida Konstitutsiya yuridik kuchi jihatidan boshqa barcha hujjatlardan yuqorida turishi qonuniy mustahkamlangan.
Ma’lumki, Konstitutsiya mustaqil davlatning alohida belgilaridan biri hisoblanadi. Asosiy qonunchiligimizda mavjud normalar milliy qadriyatlarimiz, davlatimiz tanlagan farovonlik yo‘li, an’ana va urf-odatlarimizga mos ravishda ishlab chiqilgan. Konstitutsiyamizning bir nechta asosiy o‘ziga xos, ko‘plab davlatlar Konstitutsiyasida uchramaydigan jihatlarni ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin. Jumladan, mahalla institutining mavjudligi, Konstitutsiyaning shaxs, jamiyat va davlat tamoyilidan kelib chiqib tuzilganligi, ya’ni inson huquq va erkinliklarining ustuvorligi belgilanganligi, ayollar va erkaklarning teng huquqli ekanligi alohida moddada (O‘zbekiston yespublikasi Konstitutsiyasi 46-modda) ko‘rsatilganligi shular jumlasidandir. Shuningdek, aynan bizning Qomusimizda oilaga oid alohida (XIV) bob mavjud bo‘lib, Konstitutsiyamizga ko‘ra, ota-onaning farzand oldidagi, voyaga yetgan farzandning esa ota-ona oldidagi mas’uliyati alohida belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 29 yil to‘lmoqda. Ushbu muddat davomida Konstitutsiyaga bir necha bor o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Inson qadri uchun amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning eng asosiylari Bosh qomusimizda o‘z aksini topib bormoqda.
Saddam Qodiraliyev,
Toshkent davlat yuridik universiteti
o‘qituvchisi