Konstitutsiya – mamlakat taraqqiyotining mustahkam poydevori
Xalqimizdan tushgan takliflar asosida tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Yangi O‘zbekistonni qurish, mamlakatimizda inson qadrini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda 2023 yil 30 aprelda konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi belgilandi. Mazkur sana oldidan joylarda yangilanayotgan konstitutsiya, undagi o‘zgarishlar va kiritilayotgan yangi moddalar bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida Guliston davlat universiteti professori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi R.Mahmudov va Sirdaryo viloyati Xalq deputatlari kengashi deputati, Guliston davlat universiteti dotsenti A.Sulaymanovlar ishtirokida targ‘ibot uchrashuvi o‘tkazildi.

Notiqlar tomonidan mazkur konstitutsiyaviy qonun loyihasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy majburiyati etib belgilanishi, inson va davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun munosib va yetarli bo‘lishi kerakligi aytib o‘tildi.

Xalqimiz, ekspert va mutaxassislarning takliflari, xalqaro va xorijiy davlatlarning tajribasi inobatga olingan holda tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Sh.Suyarov, O‘zA