“Konstitutsiya ko‘chasi”da bayram shukuhi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent shahrining Sayilgoh ko‘chasida “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etildi.

Tadbir doirasida fuqarolarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida tegishli davlat tashkilotlari tomonidan “Konstitutsiya burchaklari” tashkil etildi. Taniqli san’atkorlar ishtirokida gala-konsert, ko‘ngilochar madaniy va boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Sovrinli viktorinalar o‘tkazildi, sayyor qabullar tashkil etildi.

Tadbir davomida bolalar va yoshlarga Konstitutsiyada belgilangan normalarning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi ko‘rgazmali materiallar burchagi, Konstitutsiyaning yaratilishi, takomillashtirish bosqichlarini ifoda etadigan “Konstitutsiya tarixi” burchagi va fotoko‘rgazmasi tashkil qilindi.

Shuningdek, talabalarning musiqiy chiqishlari, fleshmob, harbiylar chiqishlari va aholi o‘rtasida o‘tkazilgan huquqiy viktorinalar, huquqiy ma’ruzalar, so‘z va kulgu ustalarining chiqishlari sabab tadbirlar yanada jonli va maroqli o‘tkazildi.
Shu kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyidan boshlab “Konstitutsiya ko‘chasi”gacha Adliya marshi ham tashkil etildi.

“Konstitutsiya ko‘chasi”da adliya vaziri A.Toshqulov tadbir ishtirokchilarini Konstitutsiyamizning 32 yilligi bilan tabrikladi. Tabrik davomida Umummilliy Konstitutsiya imtihoni tanlovi g‘oliblari hamda Konstitutsiyada belgilangan qoidalarni tushuntiradigan eng yaxshi post va maqola tayyorlagan ijodkorlar taqdirlandi. Shu bilan birga, “Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochilari” taqdirlandi.

Konstitutsiya bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalq saylida fuqarolar uchun sayyor qabullar, bepul huquqiy maslahatlar berildi. Huquqiy adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA