-
Oila institutini mustahkamlash va uning huquqiy hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Yangilangan Konstitutsiyada oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid normalar kengaytirilib, davlatning ushbu sohadagi majburiyatlari aniq belgilab qo‘yildi.
Yangi konstitutsiyaviy normalar oila institutining huquqiy asoslarini mustahkamlab, uning barqaror rivojlanishi va davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’minlaydi. Bu o‘z navbatida mamlakatimiz huquqiy taraqqiyotida, ayniqsa, oilaviy munosabatlarni tartibga solishda muhim qadam hisoblanadi.
Ma’lumki, oila – jamiyatning asosiy va tayanch bo‘g‘ini hisoblanadi. Ushbu tamoyil aksariyat davlatlarning milliy huquq tizimida ustuvor o‘rin egallaydi va O‘zbekistonda ham uzluksiz rivojlanib kelmoqda. Zamonaviy jamiyatda oila institutiga bo‘layotgan turli xavf va tahdidlar kuchaygan. Ijtimoiy o‘zgarishlar sharoitida oila, uning huquqiy himoyasini yanada mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida davlatning siyosiy-huquqiy asoslari takomillashtirildi, shu bilan birga oila, onalik, otalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu islohotlar oila institutining huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xususan, yangi tahrirda oilaga doir normalar mazmunan kengaytirildi va aniqlashtirildi. Konstitutsiyaning 76-moddasida:
“Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘ladi. Nikoh O‘zbekiston xalqiga xos an’anaviy oilaviy qadriyatlar, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi asosida tuziladi. Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun zarur ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlarni yaratadi”, – deb belgilab qo‘yilgan.
Mazkur norma oilaviy munosabatlarni faqat shaxsiy masala sifatida emas, balki davlat va jamiyat manfaatlari bilan bog‘liq ijtimoiy institut sifatida e’tirof etadi.
Konstitutsiyaning 77-moddasida ota-onalarning burch va mas’uliyati aniq ifodalangan. Unga ko‘ra, ota-onalar farzandlarini voyaga yetgunga qadar boqish, ularni sog‘lom va barkamol rivojlanishini ta’minlashga majburdir.
Shu bilan birga, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlangan. Bu norma ijtimoiy adolat tamoyilining amaldagi ifodasidir.
Konstitutsiyaning 78-moddasida bolalarning huquqiy tengligi mustahkamlangan. Bolalar kelib chiqishi va ota-onasining fuqarolik holatidan qat’i nazar qonun oldida tengdir. Davlat esa ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jismoniy, aqliy va madaniy rivojlanishi uchun eng maqbul sharoitlarni yaratish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.
Shuningdek, oilaviy tarbiya ustuvorligi; onalik va otalikni davlat tomonidan muhofaza qilish; yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash kabi muhim tamoyillar konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.
Konstitutsiyaning 80-moddasi esa, oilaviy munosabatlarda o‘zaro mas’uliyat prinsipini belgilaydi. Unga muvofiq, voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalariga g‘amxo‘rlik qilishga majburdir.
79-moddada yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va ma’naviy kamoloti uchun sharoit yaratish davlat va jamiyatning ustuvor vazifasi sifatida belgilangan. Bu o‘z navbatida, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash siyosati bilan uzviy bog‘liqdir.
Yangi konstitutsiyaviy normalar:
– oilaviy qonunchilikni takomillashtirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi;
– oilalarni turli hayotiy vaziyatlarda huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish kafolatlarini kengaytirdi;
– oila a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro majburiyatlar tizimini aniq belgiladi;
– inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga muvofiqlikni ta’minladi.
Yangi konstitutsiyaviy normalar Oila kodeksini takomillashtirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash” tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, Qonun bilan Oila kodeksi, shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, oilaviy munosabatlar, nikoh, ajrashish tartibi hamda turar joydan foydalanish haqidagi nizolarga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Birinchidan, oilaviy tarbiya ustuvorligi yanada kuchaytiriladi;
Ikkinchidan, aliment majburiyatlarini ijro etish mexanizmlari takomillashtiriladi;
Uchinchidan, oilaviy nizolarda mediatsiya instituti keng joriy etiladi;
To‘rtinchidan, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinish choralari kuchaytiriladi.
Beshinchidan, bolalar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq tuzatishlar kiritilmoqda.
Mazkur yo‘nalishlar bejiz tanlangan emas. Amaliyotda oilaviy nizolar sonining ortishi, aliment majburiyatlarining o‘z vaqtida ijro etilmasligi, maishiy zo‘ravonlik holatlari hamda nikohdan ajralishlar ko‘payishi ushbu sohada huquqiy mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish zaruratini ko‘rsatdi. Shu nuqtai nazardan, oilaviy tarbiya ustuvorligini kuchaytirish, mediatsiyani keng joriy etish va bolalar hamda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish choralarini mustahkamlash amaldagi muammolarga huquqiy yechim sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, mazkur o‘zgartishlar oilaviy munosabatlarni tartibga solishda tizimli yondashuvni shakllantirib, Oila kodeksini zamonaviy ijtimoiy talablar asosida takomillashtirish, ehtimoliy yangi tahririni ishlab chiqish uchun huquqiy zamin yaratmoqda. Ya’ni, ayrim normalarni qisman o‘zgartirish emas, balki oilaviy qonunchilikni kompleks ravishda qayta ko‘rib chiqish zarurati yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, qonunchilik xalqaro huquq normalari bilan uyg‘unlashtirilmoqda. Bu, ayniqsa, bolalar huquqlarini ta’minlash, ayollar huquqlarini himoya qilish va inklyuziv muhitni shakllantirish masalalarida o‘z ifodasini topadi.
Shuningdek, oila institutini mustahkamlash va nikohda mas’uliyatli munosabatni targ‘ib qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2025-yil 1-noyabr kuni Senatning yalpi majlisida parlament so‘rovi yuborilishi ko‘rib chiqildi, joriy yilda esa, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda mahalliy hokimliklar tashabbusi bilan “Oila va nikoh — muqaddas” mavzusida seminarlar va o‘quv tadbirlari tashkil etildi. Ularning asosiy maqsadi – oila farovonligini ta’minlash, farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rnini kuchaytirish va milliy qadriyatlar asosida barqaror oila muhitini shakllantirishdir.
Hozirda, oila munosabatlarini tartibga soluvchi 20 ta qonun, Prezidentning 32 ta farmoni va qarori, Vazirlar Mahkamasining 45 ta qarori qabul qilingan. Yangilangan Konstitutsiyada davlatning, oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yilgan.
Jumladan, nizoli oilalar bilan individual ishlash daftari, “Oqila ayollar” harakati va mahalla instituti hamkorligida oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha maqsadli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Sud organlari tizimida ham innovatsion yondoshuv joriy qilinib, “Oila sudyalari” instituti tajriba sifatida amalga kiritilgan.
Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya oila institutining huquqiy maqomini tubdan mustahkamladi. U nafaqat oilaning ustuvorligini e’lon qildi, balki uning barqarorligi, ijtimoiy himoyasi va rivojlanishi uchun aniq konstitutsiyaviy kafolatlarni belgiladi.
Mazkur normalar amalda to‘liq ishlashi uchun sohaviy qonunchilik, xususan, Oila kodeksini zamonaviy ijtimoiy munosabatlar talablariga muvofiq ravishda takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda. Konstitutsiyaviy islohotlar oilaviy qonunchilikni tizimli ravishda qayta ko‘rib chiqish, uni xalqaro standartlar va milliy qadriyatlar uyg‘unligi asosida takomillashtirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratdi.
Demak, bugungi bosqichda asosiy vazifa — konstitutsiyaviy normalarni amaliy mexanizmlar bilan ta’minlash, huquqni qo‘llash amaliyotini bir xillashtirish va har bir oilaning huquqiy himoyasini real kafolat darajasiga olib chiqishdir. Faqat shundagina oila jamiyatning haqiqiy tayanch bo‘g‘ini sifatida barqaror rivojlanishga xizmat qiladi.
UMIDA YULDASHBEKOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy
sudining Ekspertlar guruhi katta eksperti,
O‘zA