Konstitutsiya – jamiyat a’zolarini ergashtirmog‘i lozim
«Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim», deb ta’kidlagan edi Prezident.
Konstitutsiya davlat siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotining asoslarini belgilab beradi, fuqarolarning erkinliklari va haq-huquqlarini ifodalaydi. Shu bois barcha mamlakatlarda ushbu hujjatning qabul qilinishiga, unda aks ettirilgan norma va qoidalarning ro‘yobga chiqarilishiga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekistonda ham mamlakat Konstitutsiyasi fuqarolar tomonidan inson erkinliklari va haq-huquqlarini ta’minlaydigan, jamiyat va davlat taraqqiyoti uchun poydevor yaratadigan, jamiyat a’zolarining munosib turmushini qaror toptirishga xizmat qiladigan muhim huquqiy hujjat sifatida qadrlanadi. Masalaning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, har qanday jamiyatda Konstitutsiya ijtimoiy taraqqiyot sur’atlariga ta’sir ko‘rsatadigan muhim manba, taraqqiyot mo‘ljallarini belgilash imkonini beradigan mayoq vazifasini ham o‘tamog‘i darkor. Buning uchun esa mazkur huquqiy hujjat jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy-madaniy jarayonlardan bir qadam oldinda bo‘lmog‘i, jamiyat a’zolarini ortidan ergashtirmog‘i lozim.
Shu sababdan ushbu haqiqatni chuqur his etgan mamlakatimiz Prezidenti asosiy hujjatga muayyan o‘zgartirishlar kiritish tashabbusini ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslar mohiyatini jamiyatimizda kechayotgan ijtimoiy jarayonlar kontekstida tahlil qilsak, ularning naqadar jiddiy ahamiyatga molikligiga amin bo‘lamiz.
Masalan, mamlakatimizda uzoq yillar davomida birinchi navbatda davlat oldida turgan vazifa va muammolarni hal qilish, ijtimoiy jarayonlarga davlat manfaatlari nuqtai nazaridan yondashish, shundan so‘nggina jamiyat va inson turmushi bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratish amaliyoti hukm surdi. Shu sababdan amal qilib kelayotgan barcha huquqiy hujjatlarda davlat manfaatlari ustuvorligi ko‘zga tashlanadi. Keyingi yillarda esa «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» tamoyili islohotlarning bosh qoidasiga aylantirildi. Kelajakda ushbu tamoyil asosida amalga oshiriladigan o‘zgarishlar tendensiyaviy tus olishi uchun eng avvalo «inson – jamiyat – davlat» tamoyilini konstitutsion norma sifatida mustahkamlamoq zarur.
bugungi kunda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning bosh mezoni sifatida inson manfaatlari e’tirof etilmoqda. Davlat organlari amalga oshirayotgan barcha sa’y-harakatlar inson manfaatlarini qondirish, uning turmushi farovonligini oshirishga qaratilmoqda. Ushbu jarayonlarning davomiyligi va uzviyligini ta’minlash uchun esa mamlakatda inson manfaatlari ustuvorligining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash zarur. Chunki busiz O‘zbekistonda xalqparvar davlat barpo etib bo‘lmaydi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaning shaxsiy huquqlarga bag‘ishlangan 24-42-moddalarini barcha ijtimoiy jarayonlar markazida inson manfaatlari turishi kerakligini belgilovchi modda bilan to‘ldirish zaruriyati paydo bo‘ldi.
Fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlashga doir tashabbus ham bag‘oyat ahamiyatli. Ma’lumki, mustaqillikdan keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarning asosiy tamoyillaridan biri «Davlat – bosh islohotchi» tamoyili bo‘ldi. Bunday yondashuv islohotlarning dastlabki bosqichida muayyan samara berdi, albatta. Biroq keyingi bosqichlarda u fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokini cheklab qo‘ydi. Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlari maqomi va funksiyalarining aniq belgilanmagani (Asosiy qonunimizning 56-moddasida qaysi uyushmalar jamoat birlashmasi sifatida tan olinishi ko‘rsatilgan, xolos) vaziyatni o‘zgartirishga imkon qoldirmadi. Natijada bu institutlar o‘z tashabbuslari bilan jamiyat hayotida ishtirok etmay qo‘ydi, ularning ijtimoiy faolligi susaydi. Binobarin, ularning ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokini faollashtirish uchun eng avvalo «Jamiyat – islohotlar tashabbuskori» tamoyilini joriy etish, Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlari maqomini aniq belgilab qo‘yish jarayoni, milliy g‘oya va mafkura bilan bog‘liq konstitutsion normalarni kiritish maqsadga muvofiq.
Ta’kidlash joizki, mamlakat Asosiy qonuniga o‘zgartirishlar kiritish jarayonining boshlanayotgani jamiyat a’zolari oldida muayyan vazifalarni qo‘ymoqda. bugungi kunda barchamizdan mazkur jarayonlarda faol ishtirok etish talab etilmoqda.
Abdumavlon Qosimov,
Xalq deputatlari Toshkent shahar
Kengashi deputati