Ayni kunlarda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasi hal qiluvchi pallaga kirgan. Bosh qomusimizga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgarishlar orasida insonning yashash joyini erkin tanlash huquqi bilan bog‘liq normalar muhim o‘rin egallaydi. O‘zA buyurtmasiga asosan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan maqolalar ayni mavzuni o‘quvchiga tushunarli tarzda ochib berishga xizmat qiladi, degan umiddamiz.
MILLIY TAJRIBA
(1-maqola)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shu yil 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvida xalqimizga murojaat qilib, konstitutsiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqirdi. “Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta’minlash – barchamizning bosh maqsadimizdir! Men butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda o‘zaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqiraman”, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari yangilangan Konstitutsiya loyihasini qabul qilish uchun umumxalq muhokamasi va referendum o‘tkazilishini bildirdi. Prezidentimiz Asosiy qonunga qator normalarni kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi.
Yashash joyini erkin tanlash:
milliy amaliyot va xalqaro huquq
Asosiy qonunimizda O‘zbekistonning har bir fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi, shuningdek, barcha fuqarolarga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozim. Har bir fuqaroning shaxsiy hayot daxlsizligi va uning kafolatlari aynan Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Shu kunlarda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ushbu takliflar o‘z aksini topgan.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 28-moddasiga ko‘ra: “O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har bir shaxs respublika hududi bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. Har kim respublikadan tashqariga chiqish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekistonga moneliksiz qaytish huquqiga ega”.
Agar yangi normalar bilan to‘ldirilgan ushbu moddaning birinchi jumlasini amaldagi Konstitutsiyaning 28-moddasi birinchi jumlasi bilan solishtirilsa, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi” degan tushuncha yangi tahrirdagi matnda “O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har bir shaxs” degan mazmunda kengaytirilganini kuzatish mumkin.
Eng asosiysi, taklif etilayotgan tahrirda mavjud normalar aniqlashtirilgan. Xususan, nafaqat fuqarolarning, balki mamlakatimizda qonuniy asosda yurgan har bir kishining bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chish, yashash joyini erkin tanlash va respublikadan tashqariga chiqish huquqlari mustahkamlangan.
Fikrimizcha, O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har bir shaxs deganda, bir tomondan, fuqaroligi bo‘lmagan yurtdoshlarimiz, ikkinchi tomondan, xalqaro huquq talablari doirasida yurtimizda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolar ham tushuniladi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar tufayli mamlakatimizda fuqarosizlikka barham berish borasidagi vaziyat keyingi besh yilda tubdan o‘zgardi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish bilan bog‘liq chaqirig‘iga javoban birgina 2021 yilda 56 ming 751 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘ldi.
Keyingi davrda yangilangan "O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, mamlakatimizda kamida 15 yil davomida yashab turgan va doimiy yashash joyida ro‘yxatdan o‘tgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik berilishining yangi tartibi o‘rnatildi.
Bundan tashqari, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining 2024 yilgacha fuqarosizlikka barham berish bo‘yicha Global harakatlar rejasiga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilish holatlarini yalpi ro‘yxatga olishni ta’minlash maqsadida chaqaloqlarni, shu jumladan, hujjatlari mavjud bo‘lmagan ota-onalardan tug‘ilgan bolalarni rasmiylashtirish amaliyotiga o‘zgarishlar kiritilgan.
Fuqarolik va fuqarosizlik bo‘yicha modul hamda Fuqarolik va fuqarosizlik bo‘yicha modul asosida o‘qituvchilarga ta’lim berish dasturi ishlab chiqildi. Markaziy Osiyoda fuqarosizlikni kamaytirish va tugatish masalalariga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlar tashkil etildi. BMTning 1954 yilgi Apatridlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiyasi va 1961 yilgi Fuqarosizlikni qisqartirish to‘g‘risidagi konvensiyasi hamda Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni himoya qilish bo‘yicha Rahbariy qoidalar o‘zbek tiliga tarjima qilindi va nashr etildi.
BMTning 1961 yilgi Fuqarosizlikni kamaytirish to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilar ekan, hukumatlar fuqarolikka bo‘lgan ustuvor huquqni himoya qilishga sodiqligini namoyon etadi. Zero, inson qadri – ulug‘, inson huquqi daxlsizdir.
Shaxsning fuqarolikka egaligi jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etish, xususan, siyosiy huquqini amalga oshirish, saylovda ishtirok etish, mulk huquqidan foydalanish, mehnat, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi huquqini qonuniy asosda keng ro‘yobga chiqarish imkoniyatini kafolatlaydi. Fuqarolik, shuningdek, insonning mamlakat hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, kelish va chiqib ketish kabi boshqa qator huquqlarini ham ta’minlaydi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 13-moddasida har bir inson har bir davlat doirasida bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chish va o‘ziga yashash joyini tanlash, istalgan mamlakatni, shu jumladan, o‘z mamlakatini tark etish va o‘z mamlakatiga qaytish huquqiga ega ekanligi qayd etilgan.
Yashash joyini tanlash erkinligi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 12-moddasida ko‘rsatilgan. Paktda qayd etilishicha, ushbu erkinlik qonunda nazarda tutilgan, davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligini yoki axloq-odobini yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan va Paktda e’tirof etilgan boshqa huquqlar bilan mos keladigan cheklovlardan boshqa hech qanday cheklovga duchor bo‘lmasligi kerak.
Shu ma’noda, hozir Konstitutsiya islohoti doirasida ko‘rib chiqilayotgan konstitutsiyaviy kafolat davlatga ushbu huquqlarni himoya qilish va ushbu erkinliklarning asossiz hamda qonunga xilof ravishda cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini yuklaydi. Bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish va yashash erkinligi shaxs huquqi ustuvorligi tamoyiliga rioya qilishning asosidir.
Yana bir muhim masala – qochoqlar mavzusi. Mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirishga oid “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi, shuningdek mamlakatimizning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zoligi bilan bog‘liq holda, qochoqlar huquqini himoya qilish hamda fuqarolik va fuqarosizlik masalalari bo‘yicha xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda muntazam qo‘shma tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Qochoqlar huquqini himoya qilish sohasidagi hamkorlikning amaliy natijasi haqida fikr yuritganda, avvalo, inson huquqi bo‘yicha trening dasturining qochoqlarni himoya qilishga oid moduli ishlab chiqilganini ta’kidlash lozim. Davlat organlari xodimlari uchun mo‘ljallangan ushbu modul asosida o‘qituvchilarni tayyorlashga qaratilgan trening ham o‘tkazildi.
Shuningdek, 1951 yilgi Qochoqlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiya bo‘yicha qo‘shma seminar-treninglar tashkil etildi. BMTning ushbu sohaga oid 3 ta muhim hujjati - 1951 yilgi Qochoqlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiya va mazkur hujjatning 1967 yilgi Protokoli, Qochoqlarni xalqaro darajada himoya qilish va boshpana berishning davlat tizimni yaratish masalalariga oid Rahbariy qoidalar (Parlament a’zolari uchun qo‘llanma), Qochoqlar maqomini belgilash tartib-taomili va mezoni bo‘yicha Rahbariy qoidalar o‘zbek tiliga tarjima qilindi.
So‘nggi yilлардаInson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi vakillari o‘rtasida bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu boradagi hamkorlik tobora faollashmoqda.
G‘ulom MIRZO,
Oydin IBROHIMOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
matbuot xizmati xodimlari