Konstitutsiya – huquq va burchlarimiz tarozisi
O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgan sanadan e’tiboran dunyo sahnida yangi suveren davlat qaror topgan bo‘lsa, birinchi Konstitutsiya qabul qilinishi barobarida mustaqillikning huquqiy tamal toshi o‘rnatilgan.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi eng taraqqiy etgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan.
Konstitutsiyaga ko‘ra O‘zbekiston – Prezidentlik boshqaruv shaklidagi suveren demokratik respublika hisoblanadi. Konstitutsiyada davlatni, jamiyatni rivojlantirishning demokratik omillari belgilab berilgan bo‘lib, unda Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai hisoblanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Prezident Konstitutsiyaga, qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo‘lgan farmonlar, qarorlar, farmoyishlar qabul qiladi.
Konstitutsiyada O‘zbekiston Prezidenti fuqarolar tomonidan umumiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanishi belgilangan.
O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra jamiyat hamda davlatning hayotidagi eng muhim masalalar umumiy ovoz (referendum)ga qo‘yilib, hal qilinadi.
Konstitutsiyada O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan respublika Oliy Majlisi hamda Prezidenti ish olib borishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, Davlat hokimiyati esa uchga – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyatiga bo‘linadi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq davlat o‘z faoliyatini inson hamda jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. Biroq, respublika hududida istiqomat qiluvchi barcha millat hamda elatlarning tillari, urf-odatlari ularning an’analari hurmat qilinishini ta’minlanishi, rivojlanishlari uchun shart-sharoit yaratilishi ham nazarda tutilgan.
Mamlakatda barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘libgina qolmay, Konstitutsiyaga ko‘ra davlat o‘z hududida va uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoyasini ta’minlaydi.
Konstitutsiya, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining o‘z vatanlari ichida erkin harakatlanishlari, istagan joylariga ko‘chib borib yashash huquqlarini ham kafolatlaydi.
Konstitutsiyada har kim erkinlik hamda shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligi ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jinoyatda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda ko‘rib chiqilmaguncha qiynoqqa solinishi, unga nisbatan zo‘ravonlik, shafqatsiz yoki
qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar olib borish mumkin emasligi haqidagi normalar belgilab qo‘yilgan. Uch ming yillik milliy davlatchilik hamda dunyo qonunchiligi tajribasi, shuningdek xalqaro inson huquqlari mezonlari aks etgan asosiy qonunimizda davlat xalqning irodasini ifoda etishi, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat muassasalari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldida mas’ulligi, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qiymati, diniy e’tiqodi va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekani belgilab qo‘yilgan. Tarixga nazar solsak, asrlar davomida shakllangan ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va insonning tabiiy huquqlari sivilizatsiya jarayonlari natijasida yagona shakl, ya’ni Konstitutsiya shakliga kelganini ko‘ramiz.
Konstitutsiya bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega bo‘lish, ta’lim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, so‘z hamda e’tiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko‘tardi.
Ko‘hna zaminimiz odamlari ko‘nglida ustuvor bo‘lgan adolat, haqiqat, iymon, olijanoblik, bag‘rikenglik, mardlik, tantilik kabi ulug‘ xislatlar Konstitutsiyamizdan munosib o‘rin olgan. U umuminsoniy g‘oyalar – tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do‘stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi eng ulug‘ g‘oyalarga xizmat qiladi. Uzoq asrlar davomida bashariyat minglab qoidalardan va nizomlardan jamiyat uchun asosiylarini tanlab oldi. Aynan ana shu tanlab olingan qoidalar Konstitutsiyamiz yaratilishiga poydevor bo‘ldi. Konstitutsiyada bayon etilgan tushunchalar shu qadar ahamiyatliki, hech bir odam ularsiz yashay olmaydi, negaki, insonning har kuni duch keladigan muammolarni hal etishga qaratilgan faoliyati ko‘pincha mamlakat asosiy qonuniga kiritilgan qoidalar va moddalarga bog‘liqdir.
Bosh qomusimiz muqaddimasida inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqlik tantanali ravishda e’lon qilinib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatni anglangan holda, o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanilib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat namoyon etilib, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari ustunligi tan olingan holda, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishini ta’minlashga intilib, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish ko‘zlanib, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida mazkur Konstitutsiya qabul qilinganligi bayon etilgan.
Konstitutsiya va uning asosida qabul qilingan qonunlar albatta xalq farovonligi, tinchlik va osoyishtalik, millatlar va elatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni ta’minlaydi, insoniy qadriyatlarning bosh kafili bo‘lib qoladi.
Buning uchun har bir shaxs Konstitutsiyani bilishi, unda mustahkamlab qo‘yilgan huquqlardan insofli ravishda foydalanishi hamda burchlarni vijdonan ado etishi, o‘zining huquqiy madaniyatini oshirib borishi, atrofdagi huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi murosasizlik ruhida yashashi lozim bo‘ladi.
Har bir ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy faoliyat ortida yagona himoyachimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi borligini unutmaslik lozim!
N. Sulaymonov,
Farg‘ona viloyat sudining sudyasi