Shu kunlarda mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni keng nishonlamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizga bayram tabrigini yoʻlladi va unda siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohadagi yutuqlarimizni qayd etdi.
Davlatimiz rahbari atrof-muhitni muhofaza qilish, uni asrash boʻyicha masʼuliyatni kuchaytirish kerakligini alohida qayd etdi. Darhaqiqat, mamlakatimizning yangi tahrirdagi Asosiy qonunida fuqarolarning ekologik huquqlari ilk bor mustahkamlandi, davlatning atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha majburiyatlari alohida koʻrsatib oʻtildi.
Bu, xususan, 49-moddada oʻz ifodasini topdi, unga koʻra “Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi”.
Tan olish kerakki, keyingi yillarda davlatimiz tomonidan fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash sohasida mislsiz choralar qabul qilinmoqda.
Birinchidan, sohaning meʼyoriy-huquqiy baza kengaytirilib, mustahkamlanmoqda. Jumladan, atrof-muhitdagi suvlarni asrash masalalari ilk bor “Oʻzbekiston-2030” milliy strategiyasining alohida ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilandi, Oʻzbekistonning ekologiya sohasidagi davlat siyosati asoslari yangilandi, va bu 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasida, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasida, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida, 2019-2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasida, 2019-2028-yillar davrida Oʻzbekistonda biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasida oʻz aksini topdi.
Mazkur dasturlarning amaliy ijrosini taʼminlash hamda qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalarni rivojlantirish maqsadida iqtisodiyotning “yashil” transformatsiyasiga yoʻnaltirilgan 150 dan ortiq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi 20 dan ortiq rasmiy hujjat qabul qilindi. Shuningdek, Suv kodeksi va Ekologik kodeksni qabul qilish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Ikkinchidan, institutsional islohotlar amalga oshirilmoqda. 2023-yilda Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi negizida Tabiiy resurslar vazirligi taʼsis etildi. Keyinchalik, ushbu idoraning zimmasiga yuklatilgan vazifalar koʻlami kengayganligi eʼtiborga olinib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, deb qayta nomlandi.
Hozirgi paytda Ekologiya vazirligi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni tiklash sohasidagi faoliyat yuzasidan davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi vakolatli organ hisoblanadi.
Ekologik masalalarga ustuvor eʼtibor qaratilayotganini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashining tashkil etilishi ham tasdiqlaydi. Uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: 1) Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish boʻyicha milliy strategiyani hamda ushbu yoʻnalishda yagona davlat siyosatini shakllantirish, vazirlik va idoralarning moslashish boʻyicha ishlarini muvofiqlashtirish; 2) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyasi va Parij bitimidan kelib chiqadigan Oʻzbekiston majburiyatlari bajarilishini monitoring qilish; 3) iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish boʻyicha tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash; 4) normativ-huquqiy hujjatlar bazasini takomillashtirish va boshqalar.
Uchinchidan, ekologik taʼlim va ekologik madaniyatni rivojlantirish tizimi takomillashtirilmoqda. Jumladan, respublikaning “yashil” iqtisodiyotga oʻtishi jarayonida 2019-yilda Ekologik taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Uning asosiy maqsadi yosh avlodda ekologik savodxonlikni, ekologik ong va madaniyatni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda ekologiya sohasida ilm-fanni takomillashtirishdan iborat.
Shu maqsadda boshlangʻich sinflarda “Tabiiy fanlar” va “Tabiatshunoslik” oʻquv fanlari joriy etildi, ushbu fanlar oʻquvchilarda bolalik davridanoq tabiatga muhabbat, masʼuliyat, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish tuygʻularini tarbiyalashga xizmat qiladi. 2023-yilda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish chora-tadbirlari doirasida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti Green University tashkil etildi.
Shu tarzda, hozirgi kunda Oʻzbekistonning ekologiya sohasidagi siyosati Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan tamoyillarga asoslanib, bir qancha ijobiy yutuqlarga erishayotganini koʻrish mumkin. Ayni paytda vaziyatni yaxshilash uchun mamlakat bundan keyin ham oʻzgarishlarni davom ettirishi kerak.
Shu nuqtayi nazardan, Prezident Sh.Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “2025-yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb eʼlon qilganimiz konstitutsiyaviy qoida va prinsiplarni amalga oshirish uchun muhim asos boʻladi”.
Lobar Umarova,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining bosh ilmiy xodimi.