Konstitutsiya bilimdonlari
Ayni vaqtda barcha ta’lim maskanlarida Bosh qomusimizni o‘rganish takomillashtirilgan o‘quv dasturlari va rejalari asosida olib borilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida yosh avlodning huquqiy bilim va savodxonligini oshirish, huquqiy ta’limni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Davlatimiz rahbarining 2001-yil 4-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ayni vaqtda barcha ta’lim maskanlarida Bosh qomusimizni o‘rganish takomillashtirilgan o‘quv dasturlari va rejalari asosida olib borilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalarida “Konstitutsiya saboqlari”, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-4-sinflarida “Konstitutsiya alifbosi”, 5-7-sinflarda “Konstitutsiya olamiga sayohat”, 8-sinfda “Davlat va huquq asoslari”, 9-sinfda “Konstitutsiyaviy huquq asoslari” kabi fanlar o‘qitilmoqda. Ushbu fanlarga oid bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishda bolalarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda yondashilayotir.
Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 118-umumta’lim maktabining 6-sinfi o‘quvchisi Farrux Shoymuhammedov “Konstitutsiya olamiga sayohat” fanini puxta o‘zlashtirishga intiladi. U bu saboqlardan mamlakatimizda yashayotgan barcha fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat, jamiyat oldidagi burch va majburiyati mavjudligini o‘rgandi. Konstitutsiyamiz ta’lim-tarbiya olishi, salomatligini tiklashi, kelgusida kasb-hunar egallab, mohir mutaxassis bo‘lib yetishishida muhim huquqiy asos ekanligini yaxshi anglaydi.
Mazkur maktabda o‘quvchilarga Konstitutsiyamizning asosiy tushunchalaridan saboq berayotgan huquq fani o‘qituvchisi Bibisora Hasanova dars jarayonida bilimni mustahkamlashga xizmat qiladigan turli interfaol usullardan unumli foydalanadi.
– O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari Asosiy qonunimizning qaysi moddasida belgilangan? – deb o‘quvchilarga yuzlandi u.
Farrux Konstitutsiyamizning 5-moddasida O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega ekani mustahkamlab qo‘yilganini aytadi.
– Endi shu moddani batafsil sharhlang, – deydi o‘qituvchi.
O‘quvchilar har bir davlatning o‘z davlat ramzlari bo‘lishini, bayroq, gerb va madhiya haqidagi tushunchalarini yozadi.
O‘qituvchining savollariga o‘quvchilar bir-biriga navbat bermay javob beradi. Bu mashg‘ulot O‘zbekiston Konstitutsiyasining jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini, ma’no-mazmunini o‘rganish, yosh avlodning huquqiy bilimi va tafakkurini to‘g‘ri shakllantirish hamda yuksaltirishga xizmat qiladi.
Maktabda o‘quv-tarbiya jarayoni, xususan, Konstitutsiyaning o‘rgatilishi zamonaviy pedagogik texnologiyalar, turli multimedia vositalari yordamida “oddiy tushunchalardan – murakkab asoslargacha” tarzida olib borilmoqda.
– O‘quvchilarni dars davomida test sinovlari, biror voqeaga munosabat bildirish, jumlaga sharh yozish usulida sinovdan o‘tkazib boramiz, – deydi huquq fani o‘qituvchisi, maktab direktori B.Hasanova. – Bu ularni fanni chuqurroq o‘zlashtirishiga, atrofdagi hodisalarga tezkor munosabat bildirishga, hushyor va ogoh bo‘lishga o‘rgatadi. Zero, maqsadimiz farzandlarimizning o‘z haq-huquqlarini yaxshi bilishi, ularni mustaqilligimizning huquqiy, ma’naviy asoslarini teran anglab yetishiga ko‘maklashish, siyosiy, ijtimoiy faolligini kuchaytirishdan iborat.
Bilim dargohida “Konstitutsiya tasavvurimda” mavzusida rasmlar va insholar tanlovini o‘tkazish an’anaga aylangan. Bu tadbirda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari chizgan rasmlari bilan, yuqori sinf o‘quvchilari esa mavzuga oid insholari bilan ishtirok etadi. Ularning ijodiy ishlari o‘qituvchilar tomonidan baholanib, rag‘batlantiriladi. Buning samarasida o‘quvchilar “Huquq bilimdonlari”, “Siz qonunni bilasizmi?”, “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori”, “Prezident asarlarining bilimdoni” kabi ko‘rik-tanlovlar, “Bilimlar bellashuvi”, fan olimpiadalarida muntazam sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotir.
– O‘tgan o‘quv yilida «Bilimlar bellashuvi» tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etgan edim, – deydi maktabning 9-sinf o‘quvchisi Dilafruz Ergasheva. – Ayni vaqtda huquq fanidan fan olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘ryapman. Bu jarayonda fuqarolik, qonun chiqaruvchi, sud va ijro hokimiyati, demokratik tamoyillar, saylov jarayoni, referendum kabi mavzular, milliy qonunchilik hujjatlari haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldim.
Ta’lim muassasalarida olib borilayotgan bu kabi sa’y-harakatlar o‘g‘il-qizlarimizning milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalanishi, mustaqilligimizning huquqiy, ma’naviy asoslarini teran anglab yetishi, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etishida mustahkam asos vazifasini o‘taydi.