Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya – barqaror rivojlanishning huquqiy asosi

Yangi O‘zbekistondagi islohotlar zamirida “inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishi” tamoyili hamda 2030 yilgacha mamlakatning barcha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishini ta’minlash g‘oyalari mujassam.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga e’tibor qaratsak, tahlillar beshta yo‘nalish BMT tomonidan belgilangan 16 ta BRMni to‘la qamrab olishini ko‘rsatadi.

BRM sohasidagi O‘zbekistonning milliy maqsadlari va ularni amalga oshirilishini nazorat qilish, fuqarolar va davlat organlari hamda mamlakatning boshqa tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish muhim.

Bugungi global o‘zgarishlar davrida mamlakatimiz yuritayotgan siyosat qator xalqaro hamjamiyat vakillari nigohida bo‘lib turibdi. Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar bosh qomusimizda ham o‘z aksini topgan.

Barqaror rivojlanish markazi nodavlat notijorat tashkiloti direktori Elyor Saminov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning BRMga tegishli muhim normalarini sharhlab berdi.

– Bu yil 8 dekabr kunini xalqimiz Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam huquqiy asosini shakllantirish va ustuvor yo‘nalishlarini qonuniy mustahkamlash maqsadida qabul qilingan Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kunini ilk bor nishonlamoqda.

Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish, mamlakatning barqaror rivojlanishni ta’minlashning zarur yuridik zamini hisoblangan asosiy qonunimiz matni fuqarolar va jamoatchilikning takliflari asosida yangilandi. Ya’ni, Bosh qomusimizda moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi.

Aholining keng qatlami va saylovchilar xohish-irodasi bo‘lmish konstitutsiyaviy islohotlar natijasida qabul qilingan Konstitutsiyamiz chinakam xalqchil qomus bo‘lib, xususan, u davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga asoslangan. Hujjatning muqadimasi va qator moddalarida demokratiya, erkinlik va tenglik, inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari aks etgan.

Darhaqiqat, har qanday demokratik islohotlar, mamlakatni barqaror rivojlantirish borasidagi strategiyalar mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga tayansagina bardavom va samarali bo‘ladi, ko‘zlangan ezgu maqsadlarga va ulug‘vor natijalarga erishiladi.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 20-moddasida davlat va fuqaroning o‘zaro huquq va majburiyatlari falsafasiga ko‘ra, inson qadri, uning huquq va erkinliklari asosiy o‘rinni egallagan. Qonunlar insonlar og‘irini yengil qilib, turmush tarzini yaxshi kechishini ta’minlanishi lozim degan ulug‘vor maqsad qo‘yilgan. Ya’ni mazkur normada “Inson – jamiyat – davlat” tamoyilining amaliy ifodasini ko‘rishimiz mumkin.

O‘z navbatida, mamlakatimizda olib borilayotgan huquqiy islohotlar falsafasi zamirida “inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishi” hamda 2030 yilgacha mamlakatning barcha belgilangan barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini ta’minlash g‘oyasi yotadi. Barqaror rivojlanish maqsadlari “uchta bosh ustun” – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muvozanatni va barqaror rivojlanishni ta’minlash tamoyillariga asoslangan.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatda bu borada keng ko‘lamli va kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Mamlakatimizning bu yo‘nalishdagi tajribasi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etildi. Avvalambor, Barqaror rivojlanish maqsadlari va bu boradagi tegishli vazifalar nafaqat yangi tahrirdagi Konstitutsiyada, balki 360 dan ziyod qonun va boshqa huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topgan.

Qayd etish zarurki, barqaror rivojlanish tamoyili Konstitutsiyamizda ilk bor aks ettirildi. Xususan, 14-moddada davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshirishi ko‘rsatilgan.

49-moddada esa davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilangan.

Mamlakatning xavfsizligi, barqaror rivojlanish asoslariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan, inson huquq va erkinliklariga, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soladigan faktlar va voqealarni o‘rganish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma qarori bilan parlament tekshiruvi o‘tkazilishi mumkinligi ham 103-moddada aks ettirilgan.

115-moddada, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan barqaror iqtisodiy o‘sishni, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘rilishi belgilab qo‘yildi.

Shu bilan birga, yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz barqaror taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish va xalqimizning qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish kabi qator ezgu g‘oyalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining shu yil sentyabr oyidagi Farmoni bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ham qabul qilindi.

Ushbu dasturiy hujjatning 5 ta ustuvor yo‘nalishi va 100 ta asosiy maqsadi bilan qamrab olingan barcha muhim vazifa hamda amaliy chora-tadbirlarning tub mohiyatiga inson qadri, inson huquqlari, inson manfaati tushunchalari teran singdirilgan.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un, uning 5 yo‘nalishi BMT tomonidan belgilangan 16 Barqaror rivojlanish maqsadlarini to‘la qamrab olgan.

Tuzilma Bosh kotibi Antoniu Guterrish Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi nutqini yuksak baholab, davlatimiz rahbari tomonidan dolzarb global va mintaqaviy muammolarga yechim topish borasida ilgari surilgan tashabbuslari muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Xususan, BMT Bosh kotibi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga kiritilgan maqsad va vazifalarning ko‘lamdorligini, ular Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan to‘liq hamohangligini alohida qayd etadi. BMT va uning barcha institutlari ushbu dasturiy hujjatni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Qayd etish lozimki, bugungi kunda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlik doirasida 140 ga yaqin qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti.

2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibiga erishishda davlat va nodavlat tashkilotlarining yaqin hamkorligi muvaffaqiyat garovi ekanini alohida ta’kidlash lozim. Konstitutsiyamizda fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakat taraqqiyotidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan konstitutsiyaviy-huquqiy qoidalar belgilab qo‘yiladi.

Masalan, 49-moddada birinchi marotaba fuqarolarning ekologik huquqini ta’minlash masalasi mustahkamlandi. Mazkur norma fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokida jamoatchilik nazoratini kengaytirish orqali bugungi va kelajak avlod uchun qulay va ekologik toza hamda sog‘lom yashash joyini saqlashning konstitutsiyaviy kafolatlarini kuchaytirdi.

Qomusimizning 148-moddasida “Fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi” deb belgilangan. Mazkur qoida fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda vakillar orqali ishtirok etish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqini yanada ta’minlashga xizmat qiladi.

Yurtimizning Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida erishgan yutuq va marralari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanmoqda, e’tirof etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston BMT Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) va 2023 yilda xalqaro ekspertlar tomonidan e’lon qilingan BRM reytingida (SDG index) 71,1 indeks bilan 166 ta mamlakat orasida 69-o‘rinni egalladi. Bu natija 2022 yilga nisbatan 8 pog‘onaga yaxshilangan.

Bunday misollarni boshqa barcha BRM bo‘yicha ham keltirish mumkinki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mamlakatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlashning mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilyapti.

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.