Mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish borasida tub o‘zgarishlar va yangilanishlar kuzatilmoqda.
Mazkur islohotlardagi xorijiy tajribani o‘rganish, boshqa davlatlarda mazkur yo‘nalishda qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan bo‘lishish maqsadida «Sud-huquq sohasidagi islohotlar: MDH va Yaponiya tajribasi» nomli xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va Yaponiya Adliya vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot va ta’lim instituti o‘rtasida 2021-2022 yillarda hamkorlikni rivojlantirishga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi asosida tashkil etildi.

Unda Adliya vazirligi, Sudyalar oliy maktabi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Advokatlar palatasi, Notarial palata, Madad NNT, milliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Maqsad, sud-huquq sohasidagi islohotlar, xalqaro tajriba va amaliyotni o‘rganish, sud-huquq tizimini rivojlantirishdagi istiqbollarni belgilash va yurtimizda huquqiy davlat asoslarini yanada takomillashtirish, aholining huquqiy ongi, madaniyatini yuksaltirishdan iboratdir.

Konferensiyada Yaponiya, AQSH, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Kirg‘iziston davlatlaridan soha mutaxassislari ishtirok etdi hamda o‘z davlatlarining adliya va sud-huquq tizimidagi islohotlari yuzasidan ma’ruzalar qildi.
Ma’lumot uchun, sud-huquq tizimini isloh qilish ikki bosqichda amalga oshirildi. Birinchi bosqich 1991-2000 yillarni qamrab olsa, ikkinchi bosqich 2001-2010 yillarni o‘z ichiga oldi. Shu davrlarda sud hokimiyati bosqichma-bosqich mustahkamlanib bordi, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladigan mustaqil davlat institutiga aylantirish borasida tegishli qonunlar va me’yoriy hujjatlar qabul qilinishi bilan bir qatorda samarali natijalarga erishildi.
Konferensiya taraflar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro standartlarga asoslangan huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
B.Meliqulova, O‘zA