Bugun dasturdagi madaniy tadbir doirasida konferensiya ishtirokchilarilari uchun mamlakatning ayrim diqqatga sazovor joylari boʻylab sayohat uyushtirildi.
Xabar qilganimizdek, Dushanbe shahrida “Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilarining doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonchni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi, oʻzbek-tojik strategik sherikligining yangi sahifasi ochilishi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini yakunladi.
Kecha anjumanning asosiy voqealari boʻlib oʻtgan edi. Bugun dasturdagi madaniy tadbir doirasida konferensiya ishtirokchilarilari uchun mamlakatning ayrim diqqatga sazovor joylari boʻylab sayohat uyushtirildi.
Dastlab mehmonlar Milliy fanlar akademiyasi Etnografiya muzeyiga tashrif buyurishdi. Hozirgi Tojikiston Respublikasi hududining qariyb 3000-yillik tarixidan soʻzlovchi eksponatlar – tosh, kulolchilik buyumlari, qimmatbaho metall qoldiqlari, hunarmandlik mahsulotlari, qadimiy davlatchilik anʼanalarini aks ettirgan jismlar, koʻhna qalʼalar haqida tasavvur beruvchi bebaho arxeologik yodgorlik namunalari barchada katta qiziqish uygʻotdi.

Ayniqsa, koʻhna kent – Sarazm shahrining necha ming yillik oʻtmishiga oid turfa nodir yodgorliklar, dunyodagi buddizmga daxldor eng ulkan haykal sifatida tan olingan 12 metrlik budda timsoli - Shahzodaning meditatsiya, yaʼni ruhiy kamolotga erishish maqsadida yotgan holati aks etgan topilma va boshqa koʻplab ashyolar asosan, olimlar, ekspertlar, ilm-fan namoyandalari, bir soʻz bilan aytganda ziyolilardan iborat konferensiya ishtirokchilarida beqiyos taassurot qoldirdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari - Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari, yuridik fanlar doktori, akademik Akmal Saidov muzeyning taklif, mulohazalar kitobiga oʻzbekistonlik mehmonlar tomonidan minnatdorlik tuygʻusi bilan yoʻgʻrilgan fikrlarini yozib qoldirdi.
Madaniy dasturdagi keyingi manzil Dushanbeda 2018-yili ochilgan Mir Alisher Navoiy nomidagi xiyobon boʻldi. Bu bejiz emas albatta. Zero, ushbu xalqaro anjumanning maqsadi ikki davlat rahbarlarining oʻzbeklar bilan tojiklar oʻrtasidagi maʼlum muddat turgʻunlikka duch kelgan azaliy doʻstona munosabatlarini qayta tiklashga qoʻshgan hissasini eʼtirof etish. Mazkur xiyobonning barpo etilishi ham ayni saʼy-harakatlarning muhim tarkibiy qismi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Xiyobon toʻrida ikki xalq mumtoz adabiyotida biri hazrat, biri sulton, deya tan olinadigan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning jahon tarixida qiyosi yoʻq doʻstligi, sharqona urf-odatlarga xos ustoz-shogirdlik munosabatlari inʼikosi sifatida qad koʻtargan haykali bugungi kun yoshlariga azaliy birodarligimiz mohiyatidan, saodatga eltuvchi ezgulik fazilatlarining ustuvorligidan saboq berayotgandek, goʻyo. Ehtimol, shuning uchun ham Tojikiston poytaxtidagi eng soʻlim maskanlardan biri boʻlmish mazkur xiyobon hamisha dushanbeliklar va poytaxt mehmonlari bilan gavjumdir.
Xiyobonni tark etish oldidan biz, bobomiz ruhiga nisbatan shundayin hurmat, eʼtibordan qalblari gʻururga toʻlgan Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Jomiy va Navoiy timsoli poyiga gul qoʻyib, esdalik uchun suratga tushdik.
Shundan soʻng mezbonlar konferensiya qatnashchilarini qadimiy Hisor qalʼasiga boshlab borishdi. Mutaxassislar, garchi, hududi uncha katta boʻlmasa-da, Tojikistonda 3000 dan ziyod arxeologik yodgorlik mavjudligini eʼtirof etishadi. Mamlakatdagi tarixiy obyektlar orasida 2015-yil 2000-yilligi nishonlangan Hisor qalʼasi alohida ajralib turadi.
Umumiy madoni 29 gektardan iborat mazkur qadimiy shahar qoldiqlari, tabiiyki, hali toʻliq oʻrganilmagan. Tarixiy maʼlumotlarda keltirilishicha, Hisor yeri juda serhosil boʻlganligi sababli oʻtmishda mudom yov hujumidan aziyat chekkan.
Bu hudud turli davrlarda 10 dan ziyod davlat ixtiyorida boʻlgani aniqlangan. Mashhur tarixchi Marko Polo esdaliklarida ham Hisor nomi koʻp uchraydi. Shimoldan Soʻgʻd viloyati bilan chegaradosh, shimoli-gʻarbida oʻzimizning Bobotogʻ yastanib yotadi. Mehmonlar Hisor qalʼasi boʻylab sayohat davomida tarixchi olimlar hikoyalari asosida oʻtmish haqidagi bilimlarini yana-da mustahkamlab olishdi.
Shu tariqa xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etgan mamlakatimiz delegatsiyasi qardosh Tojikistondan bir olam, iliq tassurotlar bilan yurtimizga qaytib keldi.