Konchilar kasb bayramini nishonladi
Mamlakatimizda may oyining uchinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni” etib belgilangan. Mazkur sana munosabati bilan Uchquduq shahridagi “Lochin” o‘yingohida bayram tadbiri tashkil etildi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning Shimoliy kon boshqarmasi tarkibidagi “Sharqiy”, “Dovg‘iztov”, “Auminzo-Amantoy” konlari, 3- va 5-gidrometallurgiya zavodlari va boshqa bo‘linmalarda qariyb 14 ming nafar ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda.
Shimoliy kon boshqarmasida 2026-yilning I choragi bo‘yicha kon massasi qazib olish rejasi 102,5 foizga bajarildi.

Korxonaning eng katta dasturlaridan biri bo‘lgan “Kokpatas” va “Dovg‘iztov” oltin konlarida ma’dan qazib olish. III navbat” investitsiya loyihasi doirasida 3-gidrometallurgiya zavodining maydalash sexidagi 8-tegirmon blokida I bosqich maydalash tegirmoni qurilib, foydalanishga topshirildi. Zavoddagi mavjud flotatsiya uskunalari qatoriga yana qo‘shimcha ravishda xuddi shunday uskunalar keltirildi. Ushbu investitsion loyihaning amalga oshirilishi natijasida zavodning sulfidli ma’danlarni yillik qayta ishlash ko‘rsatkichi joriy yilning o‘zida 10,3 million tonnaga yetkaziladi.
Shuningdek, kasb bayrami arafasida Biooksidlash sexi reaktorlaridagi haroratni barqarorlashtirish, mikroorganizmlarning yoz oylarida faolligini yuqori darajada saqlash, biooksidlash jarayoni ko‘rsatkichlarining me’yordan og‘ishining oldini olish maqsadida zavod hududida qo‘shimcha sovutish minorasi ishga tushirildi.

Bayram tadbirida korxona bo‘linmalarida faoliyat olib borayotgan bir guruh ishchi-xodimlar “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, “NKMK faxriysi” unvoni hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
– Bolalikdan texnikaga qiziqqanim sababli tog‘-kon mexanizmlarini ta’mirlash yo‘nalishi bo‘yicha o‘qidim va tanlagan kasbimning sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirishga harakat qildim, – deydi 5-gidrometallurgiya zavodi bosh mexanigi Nodirbek Tajidinov. – Kombinatda ixtirochilik, yangiliklar yaratish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Bugungi kunda ishlab chiqarishga joriy etilgan va korxonaga iqtisodiy samara keltirayotgan 10 dan ortiq ratsionalizatorlik taklifi muallifiman. Kasb bayrami arafasida III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganimdan xursandman. Ushbu e’tirof nafaqat mening, balki zavodimiz jamoasining mehnatiga berilgan munosib baho, deb bilaman.
Tadbirda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri aktyorlarining chiqishlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.


A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri