Yurtimizda ko‘p xonadonli uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish, uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish va boshqaruv servis kompaniyalarini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Uylarning texnik holatini yaxshilash, tutash hududlarni obodonlashtirish hamda issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish shu kunning dolzarb vazifasiga aylangan. Bu jarayonda xorijiy kompaniyalar tajribasidan keng foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.

Ayni kunlarda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Q. Tursunov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sh.Rahmonov, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari N. Sharipov xizmat safari bilan Tatariston Respublikasida bo‘lib turibdi.
Tashrifning birinchi kunida Tatariston sanoat vaziri A.Karimov va bir qator mutasaddilar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda tashrifning maqsadi, rejalari va hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Tataristondagi “KER” xolding kompaniyasi bosh direktori X.Maxyanov bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik qilishga kelishib olindi. Xususan, korxonaning kogeneratsion gaz turbinasi texnologiyasini o‘rnatish, 4 MVt dan 40,5 MVt gacha quvvatga ega bo‘lgan Modul-blokli qozonxonalar qurish, montaj qilish va foydalanishga topshirish borasidagi ilg‘or tajribalarini yurtimizda joriy etish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Tataristondagi “Territoriya Komforta” servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.
Qayd etish joizki, turar joy komplekslariga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi “Territoriya Komforta” kompaniyasi 20 ming uy xo‘jaligi, 50 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi.
Tataristonda yetakchi boshqaruv kompaniyalardan biri hisoblangan “Territoriya Komforta” asosan zamonaviy texnologiyalardan foydalanadi, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishda namuna sanaladi. E’tiborlisi, kompaniya aholi murojaatlari bilan ishlashda samarali mexanizm –bir nechta elektron hamda mobil tizimlarni yo‘lga qo‘ygan.
“Territoriya Komforta” kompaniyasi aholiga maishiy (kalit yasash, uy tozalash) xizmatlarini ham ko‘rsatadi. Aholi uchun o‘z faoliyati doirasida ma’lumotlar ochiqligini ta’minlaydi.
Yana bir muhim jihat shundan iboratki, kompaniyada yangi qurilgan uylarning ichki isitish tizimi vertikal tarzda montaj qilingan. Bunday yondashuvda issiqlik tizimi uylararo bir-biri bilan bog‘lanmaydi. Lekin issiqlik ta’minoti markazlashgan. Barcha hisob - kitob hisoblagichlar vositasida amalga oshiriladi.