Ko‘mir briket mahsulotlari ishlab chiqariladi
Mamlakat iqtisodiyotining muhim poydevorlaridan biri hisoblangan sanoatni rivojlantirish, shu orqali aholi farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, respublikamizning sanoat va tadbirkorlik markaziga aylangan Namanganda bu borada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar tahsinga sazovor.

Ayni shu e’tibor va rag‘batning amaliy ifodasi sifatida, viloyatni tog‘li Qamchiq dovoni bilan bog‘lovchi Pop tumanida yillik 100 ming tonna ko‘mir briket mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali ochilish marosimda Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov qatnashib, bunday yirik va istiqbolli loyihalarning ahamiyati haqida to‘xtaldi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Tashkent Trade Center” xorijiy korxonasi tomonidan tatbiq etilgan mazkur ko‘mir briket ishlab chiqarish loyihasi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga tegishli, yillar davomida samarasiz quvvatlarda ishlab kelgan ko‘mir briket korxonasi “Ye-auksion” ommaviy savdo maydonchalari orqali sotib olinib, zarur uskuna va jihozlar bilan ta’minlandi.

Korxona ishga tushirilishi natijasida, tuman aholisi uchun 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Mazkur zavod Pop tumanining sanoatdagi imkoniyatlarini va yangi quvvatlarini 180 milliard so‘mga o‘sishini ta’minlaydi.
Shuningdek, mahsulotlar Yevropa davlatlariga ham eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.