“Xo‘sh, indan keyin-chi?”... O‘zbekiston xalq shoiri G‘afur G‘ulom asari asosidagi “Shum bola” filmida boy otaning aytgan bu gapi bugungi kunda xalqimizning o‘zaro muomala, muloqoti davomida hazil-mutoyiba bilan keng qo‘llaniladi.
Aslida O‘zbekiston xalq artisti Vohid Qodirov maromiga yetkazib ijro etgan rollar juda ko‘p, lekin aktyorni aynan “Shum bola” filmidagi shu roli mashhur qildi, muxlislarning astoydil e’tibori va e’tirofiga, hurmatiga sazovor bo‘ldi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq artisti Vohid Qodirov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

E’tirof etilganidek, ustoz san’atkor Vohid Qodirov asosan Respublika yosh tomoshabinlar teatrida faoliyat ko‘rsatgan. Garchi bolalar teatrida mehnat qilsa-da, ijodga, san’atga katta mas’uliyat, jiddiylik bilan yondashar edi.
Vohid Qodirov 1925 yilning 10 yanvarida Toshkent shahrida tavallud topgan. Uning maktabni tamomlashi Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keladi. Urush yillarida u aviatsiya zavodida ishlar hamda shu zavoddagi drama to‘garagiga qatnardi. Urush tugagach, san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohida tahsil oldi.
San’atkor 1948 yildan 1992 yilga qadar O‘zbekiston yosh tomoshabinlar teatrida mehnat qilgan. “Po‘lat qanday toblandi?” spektaklidagi Klimka obrazi uning ilk marta ijro etgan roli edi.
Keyinchalik Mister Tomas (V.Lyubimov asari asosidagi “Oppog‘im” spektaklida), Chiranchoq quyoncha (S.Mixalkov, “Chiranchoq quyoncha”), Jurjon hokimi (Hamid Olimjonning “Oygul bilan Baxtiyor” asari asosidagi spektaklda), Mansur (I.Ahmedov, O.Tolipov asari asosidagi “Kim aybdor?” spektaklida), Qovoqvoy, Konfetvoy (Po‘lat Mo‘min asari asosidagi “Qovoqvoy va Chanoqvoy”, “Suqatoy Konfetvoy”), Sariboy (G‘afur G‘ulom, “Shum bola”), Ikrom (Alp Jamol, “Mehribonlar”) kabi turli xarakterdagi rollari bilan tanildi.
Vohid Qodirov dramatik, komik, satirik va ertak janrlaridagi rollar ustasi sifatida ham o‘ziga xos ijodiy uslubga ega ustoz san’atkor edi.
Ijodkor bolalar uchun mo‘ljallangan bir qator spektakllarni sahnalashtirgan. Uning kino sohasida yaratgan bir qator rollari tomoshabin mehriga sazovor bo‘lgan.
“Maftuningman” filmidagi pardozchi, “Shum bola”dagi Sariboy, “Osiyo ustida bo‘ron” kartinasidagi amaldor, “Chinor ostidagi duel” filmidagi militsioner, “Akmal va ajdaho” filmidagi xon va boshqa rollari buning yorqin dalilidir. Vohid Qodirov shuningdek, “Otalar so‘zi -aqlning ko‘zi”, “Televizion miniatyuralar teatri”, “Ekran xandasi”, “Shunchaki sarguzasht” kabi ko‘rsatuvlarnmng faol ishtirokchisi bo‘lgan.
Xotira tadbirida ustoz san’atkorning ijod yo‘li, fazilatlari, u bilan bog‘liq yorqin xotiralar shogirdlari, san’at ustalari, aktyorlar, yaqinlari va qarindoshlari tomonidan yodga olindi.
N.Usmonova, O‘zA