Kombinatning ko‘ngil she’riyati – 2026
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati”AJ va kasaba uyushmasi Kengashi tashabbusi bilan “Farhod” madaniyat saroyida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlab “Kombinatning ko‘ngil she’riyati – 2026” she’riy asarlar ijrochiligi tanlovining final bosqichi o‘tkazildi.
Dastlab tanlov oldidan “NKMK tarixi” muzeyida taniqli ijodkorlar va kombinatning kitobxon ishchi-xodimlari ishtirokida adabiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda taniqli shoirlar Xosiyat Bobomurodova, Bobur Bobomurod, Ibrohim Jiyanovlar ishchi-xodimlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularning kitob mutolaa qilishga bo‘lgan qiziqishini oshirish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
Mazkur ijodiy tanlovning saralash bosqichlarida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “NKMK jamg‘armasi”DM, “Navoiyuran”DK bo‘linmalarining ishchi-xodimlari, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalari universiteti yoshlari ishtirok etib, Alisher Navoiyning g‘azallari va vatanparvarlik ruhidagi she’rlarni aytib berishdi.

Har bir ishtirokchining chiqishlarini Xosiyat Bobomurodova, Bobur Bobomurod, Ibrohim Jiyanovlardan iborat hay’at a’zolari baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Navoiy davlat konchilik va texnologiyalari universiteti yoshlar yetakchisi Dilshod Muhammadiyev, 2-o‘rinni “NKMK” AJ Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi xodimi Nafisa Ahmedova va 3-o‘rinni Shimoliy kon boshqarmasi xodimi Nilufar Mo‘ydinova egalladi.
G‘olib va sovrindorlar “NKMK”AJ Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri