Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimidagi barcha korxonalarda ham “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tgan umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Unda, 18 ming nafardan ziyod ishchi-xodim faol ishtirok etdi.

Hasharda 16 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, 10 ming tupga yaqin har xil gul nihollari ekilib, 200 gektardan ortiq hudud obodonlashtirildi.

Kombinat tashabbusi bilan Navro‘z bayrami arafasida 4 gektarlik “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo etildi.

— Hashar korxonamizning har bir bo‘linmasida uyushqoqlik bilan ko‘tarinki ruhda o‘tdi, – deydi “NKMK” AJ Korporativ ijtimoiy mas’uliyatlar bo‘limi boshlig‘i Bekzot Saidov. – Hamkasblarimiz shaxsiy namuna ko‘rsatib, xayrli ishda faol qatnashdi. Ishonchimiz komilki, biz ekkan nihollar rivoj topib, ko‘rkam bog‘-rog‘larga aylanadi. Biz “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga o‘z hissamizni qo‘shganimizdan mamnunmiz.

Navro‘z bayrami oldidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli xayrli ishlar, albatta, hududlarga ko‘rkamlik bag‘ishlash bilan birga, el dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA