Kombinat va kasbim mening faxrim
Bu yil men uchun, mehnat qilayotgan jonajon Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi uchun nihoyatda quvonchli keldi.
O‘ttiz besh yillik mehnatim “Mehnat shuhrati” ordeniga loyiq topildi. Bahor ayyomlari arafasida davlatimizning shunday yuksak mukofotiga sazovor bo‘lganimdan ko‘nglim tog‘dek yuksaldi.
Bilasizmi, shu kuni odatdagidek o‘z yumushlarim bilan band edim. Telefonim jiringlab qoldi. Qarasam, birga ishlaydigan Lolaxon Boirova ekan. Go‘shakni ko‘targanimni bilaman, hamkasbim his-hayajon bilan tabriklay ketdi desangiz. Uning opa orden bilan taqdirlanibsiz, hozir internetda ko‘rdim, degan kutilmagan xushxabari meni to‘lqinlantirib yubordi. Beixtiyor ko‘zlarimga sevinch yoshlari keldi. Bunday e’tibor va e’tirofni hech kutmagandim. Davlatimizning mendek oddiy bir kran mashinistiga qaratgan e’tiboridan juda hayajonlandim. O‘zimni dunyodagi eng baxtli va baxtiyor ona, o‘zbek ayoli va sharafli kasb egasi sifatida his etib, shu kecha ko‘zimga uyqu kelmadi.
Mana shunday quvonchli xushxabarlar, tabriklar og‘ushida poytaxtga taklif etildim. Davlat mukofotini shaxsan Prezidentimiz qo‘llaridan olishimni eshitib, meni hayajonim yanada oshdi. Negaki, umrimda bunday nufuzli tadbirga qatnashmaganman. Ishonasizmi, shodon daqiqalar yaqinlashgan sayin yuragim entikib borardi. Davraga yuzlarida mehr to‘la Yurtboshimiz kirib kelganlarida yuragim yanada qalqidi. His-hayajondan bir amallab o‘zimni, sevinch yoshlarimni tiyib turdim. Va nihoyat ismi-sharifim e’lon qilinganda, qushdek yengil bo‘lib, Davlatimiz rahbari huzuriga qanday borganimni hech ta’riflab berolmayman. Ayniqsa, Prezidentimizning: erkaklar bilan bir safda, sharafli va mashaqqatli ishda ishlar ekansiz. Bunday yutuqlar hayotingizda yanada davomli bo‘lsin, muvaffaqiyatlar tilayman, degan tilaklaridan cheksiz ruhlanib ketdim.
Shundan so‘ng biz ayollarga ko‘rsatilgan ehtiromlarni aytmaysizmi! Bularning har biri men uchun oliy baxt va unutilmas voqeadir. Bu mukofotni ko‘pming kishilik kombinatim jamoasi, shu jumladan, korxonamizning 16 ming nafardan ziyod hamda men mehnat qilayotgan zavoddagi 950 nafardan ortiq xotin-qizlari mehnatiga berilgan munosib baho, deb bilaman.
Toshkent shahridan olam-olam taassurotlar, kuch-g‘ayrat olib qaytar ekanman, erishgan yutuqlarimga ishonmasdim. Mendek oddiy bir kasb egasining bunday shon-sharafga munosib ko‘rilgani, hech shubhasiz, jamiyatimizda xotin-qizlarga qaratilgan alohida rag‘bat namunasidir. Shundan buyon uyimizda, ishxonamda har kun bayram. Tabriklashga kelayotganlar safi uzilmaydi. Ular orasida NKMK rahbariyatidan ham alohida qutlovni qabul qilib olganimda boshim ko‘kka yetdi.
Hech yodimdan chiqmaydi. Navoiy shahridagi 7-sonli kasb-hunar bilim yurtini tugatib, 1985 yilda Navoiy mashinasozlik zavodiga ishga kelganman va avtotelejka haydovchiligiga ishga qabul qilinganman. Bu ish boshida o‘zimga ham erish tuyulgan. Go‘yoki nazarimda texnikani boshqarish erkaklarning ishi edi. Lekin vaqt o‘tishi bilan texnikaga mehrim oshib bordi. Buni ko‘rgan zavod ma’muriyati menga 1987 yilda kran mashinisti vazifasiga o‘tishni taklif etdi. Shu davrdan buyon qudratli texnika bilan tillashib kelyapman. Ulkan kranni boshqarish sevimli kasbga aylandi. Butun borlig‘imni tanlagan ishimga bag‘ishladim, belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarib kelayapman. Eng muhimi, kombinatga kelib hech kam bo‘lmadim. Aksincha, o‘z o‘rnimni, qadrdon hamkasblarimni, ahil jamoamni va iqbolimni topdim. Bu kunlarga yetkazganiga, taqdirimga shukronalar aytaman.
Dildor TILABOVA,
Navoiy mashinasozlik zavodi kran mashinisti,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi