Kolumbiyada zilzila tufayli favqulodda holat e’lon qilindi
Kolumbiyada yuz bergan 7,4 magnitudali vayronkor zilziladan so‘ng mamlakatda umummilliy favqulodda holat tartibi joriy etildi.
Bu haqda kecha davlat rahbari lavozimini egallaganiga uch kun bo‘lgan Prezident De la Esprielya Abelardo ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, tabiiy ofat asoratini bartaraf etish va birinchi navbatda vayrona ostida qolgan fuqarolarni qutqarish uchun davlatning bor institutsional imkoniyati va resursi safarbar qilinadi. Mintaqaviy markazlar assotsiatsiyasi axborotida kamida 132 kishi hayotdan ko‘z yumgani, 570 fuqaro turli darajada tan jarohati olgani aytilgan.
Ayniqsa Pereyra, Kali hamda Manisales shaharlari jiddiy talafot ko‘rib, 1500 dan ziyod xonadon yaroqsiz holga kelgan, 60 ga yaqin bino butunlay vayron bo‘lgan. 18 tibbiyot muassasasi, 52 ta’lim maskani shikastlangan.
Qutqaruv-qidiruv tadbiri uzluksiz davom ettirilayotgani bois, talafot ko‘rganlar va qurbonlar soni ortishi mumkin. Kolumbiya geologiya xizmati ushbu ofatni mamlakatning XXI asr tarixidagi eng kuchli zilzilasi sifatida qayd etdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA