Kolumbiya terma jamoasi bosh murabbiyi Nestor Lorenso jamoa yulduzlari haqida gapirdi
Lorenso ham muxlislarga minnatdorlik bildirib, sakkiz yillik tanaffusdan keyin mundialga qaytgan Kolumbiya xalqiga munosib o‘yin taqdim etishni istashini aytdi.
Kolumbiya mundialga muvaffaqiyatli saralash bosqichidan keyin yaxshi kayfiyatda yetib keldi. Jamoaning asosiy yulduzlari qatorida "Bavariya" hujumchisi Luis Dias va tajribali pleymeyker Xames Rodriges bor.
Lorensoning aytishicha, so‘nggi yillarda jismoniy holati bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan Rodriges O‘zbekistonga qarshi o‘yinga tayyor.
"Xames yaxshi holatda. U jismoniy tomondan tobora yaxshilanib bormoqda.Uning iqtidori va mahorati shundayki, boshqalar kabi ko‘p yugurmasa ham o‘yinga aniqlik beradi va muhim vaziyatlarda taqdirni hal qila oladi", — dedi murabbiy.
Argentinalik mutaxassis Kolumbiya turnirning eng kuchli jamoalari ko‘rsatayotgan intensivlikka moslasha olmasligi haqidagi fikrlarni ham rad etdi.
"Biz bunday darajada o‘ynay olishimizni allaqachon isbotlaganmiz. Xorvatiya va Fransiyaga qarshi o‘yinlarni eslashning o‘zi kifoya.Yaxshi futbol faqat ko‘p yugurish degani emas. Ba’zan intensivlik va sifatli o‘yin tushunchalarini aralashtirib yuboramiz", — dedi Lorenso.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "Atsteka" stadionida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvni 65 mingdan ortiq kolumbiyalik muxlis tribunadan kuzatishi kutilmoqda.Luis Suaresning ta’kidlashicha, muxlislarning katta qo‘llab-quvvatlashi jamoaga o‘zini xuddi uyidagidek his qilish imkonini bermoqda.
"Biz o‘zimizni uydagidek his qilyapmiz. Nafaqat Meksikada, balki AQSHda ham shunday bo‘ldi. Bu bizni ruhlantiradi va zimmamizdagi mas’uliyatni yanada oshiradi", — dedi u.
Lorenso ham muxlislarga minnatdorlik bildirib, sakkiz yillik tanaffusdan keyin mundialga qaytgan Kolumbiya xalqiga munosib o‘yin taqdim etishni istashini aytdi.
"Kolumbiya — bu baxt degani. Biz yaxshi o‘ynashni va odamlarga tabassum qilish uchun sabab berishni xohlaymiz", — dedi murabbiy.