Ko‘ksaroyda boshlangan muloqot hududlarda davom etmoqda
Ma’lumki, Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat yoshlari bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda yoshlar o‘z fikr va takliflarini bevosita davlat rahbariga yetkazish imkoniga ega bo‘lishdi. Suhbat davomida ilgari surilgan muhim tashabbuslardan biri – har payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni”ni tashkil etish taklifi bo‘ldi. Bu tashabbus yoshlar bilan ishlashni tizimli va doimiy asosga o‘tkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur g‘oya ijrosi doirasida joylarda ham ochiq muloqotlar yo‘lga qo‘yildi. Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev boshchiligida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar shular jumlasidandir. Paxtakor tumani Do‘stlik mahallasidagi 14-sonli musiqa va san’at maktabida tashkil etilgan navbatdagi muloqotda 200 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda bandlik, ta’lim sifati, sport infratuzilmasini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi. Yoshlar tomonidan kasb-hunarga o‘qitishni kengaytirish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha takliflar bildirildi. Mas’ullar tomonidan murojaatlar qayd etilib, ular yuzasidan amaliy choralar ko‘rish belgilandi.
Ta’kidlanganidek, yoshlar bilan ishlashda eng muhim omil – ochiq muloqot va natijadorlikdir. “Yoshlar kuni” doirasidagi uchrashuvlar ana shu maqsadga xizmat qilishi lozim. Endi har bir murojaat yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va ijrosi ta’minlanishi zarur.

Joylarda o‘tkazilayotgan bunday muloqotlar yoshlarning faolligini oshirish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Bu esa yosh avlodning jamiyat hayotidagi ishtirokini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, Ko‘ksaroyda boshlangan muloqot hududlarda amaliy davom etmoqda. Payshanba kunlari tashkil etilayotgan uchrashuvlar yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etishning doimiy mexanizmiga aylanib bormoqda.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari