KOICA O‘zbekistonda IT sohasi rivoji uchun loyihalarni amalga oshiradi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) va uning Samarqand filialida KOICA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan muhim loyiha – ma’lumot markazi, namunaviy ma’ruza xonalari va kompyuter sinflari, shuningdek, ishlab chiqilgan axborot tizimlarining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari J.Egamberdiyev, KOICA ning O‘zbekiston vakolatxonasi direktori Sunjin Park xonim boshchiligidagi vakillar ishtirok etdi. Shuningdek, ZOOM platformasi orqali xorijiy hamkorlar va TATU Samarqand filiali mas’ullari ham qatnashdi.
– Mazkur grant loyihasi doirasida yetkazib berilgan qurilmalar universitetning infrastrukturasi rivojlanishini ta’minlaydi, – deydi universitetning bo‘lim boshlig‘i Jamshid Sultonov. – Janubiy Koreyalik hamkorlar tomonidan ishlab chiqilgan ta’lim jarayonini boshqarish axborot tizimi va onlayn xizmatlar portali universitetning ta’lim xizmatlari sifatining oshishiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Shu o‘rinda butun dunyoda avj olgan COVID-19 bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat ko‘plab loyihalarni amalga oshirilishi va muvaffaqiyatli yakunlanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Biroq, epidemiologik vaziyatlarni to‘g‘ri baholab mazkur loyihaning to‘liq amalga oshirilishi ikki karra yutuq deb hisoblash mumkin.
Mazkur loyiha – integratsiyalashgan ta’lim-axborot tizimidan TATUning 12 656 nafar talabalari va o‘qituvchilari foydalanadi. Maqsad, O‘zbekistonda texnologik taraqqiyotning o‘sish dvigatelida muhim rol o‘ynashi va kelgusida Markaziy Osiyoda AKT sohasidagi yetakchi universitetga aylanishi mumkin bo‘lgan TATU ning AKT sohasiga ixtisoslashgan universitet sifatida ta’lim sifatini oshirish va uni rivojlantirishga ko‘maklashish.
Ushbu loyiha O‘zbekistonda birinchi bo‘lib kredit tizimini joriy qilgan TATU uchun kredit tizimi asosida akademik boshqaruvni ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekistonda oliy ta’lim sifatini oshirishga hissa qo‘shishi va respublikaning boshqa universitetlariga ham qo‘llanilishi mumkin.
– KOICA rivojlanayotgan mamlakatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash orqali qashshoqlikni yo‘q qilish va sherik mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shish uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi, – deydi Edu Tech strategik biznes markazi ijrochi direktori Scott Yoo. – Amalga oshirilayotgan loyihalar – bu infratuzilmani barpo etish, jamiyatni rivojlantirish va sherik mamlakatlarning farovonligini oshirish uchun uskunalar bilan ta’minlashni o‘z ichiga olgan xizmatlar bo‘yicha kompleks yordam berishdir.
Biznes-inkubatsiya – yosh tadbirkorga ko‘makchi
KOICA bilan AT sohasida hamkorlikdagi 2-loyiha 2020 yilning 28 yanvarida Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi kelishib olingan. Byudjeti 5,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan «O‘zbekistonda biznes-inkubatsiya tizimini rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihasini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida ikki tomonlama shartnoma imzolangan edi.
[gallery-2318]
Muddati 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan mazkur loyiha doirasida koreyalik ekspertlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Ular bilan hamkorlikda 4 yil davomida bir qator ishlar tashkillashtiriladi.
Xususan, Toshkentda namunali biznes-inkubatorni yaratish. Unda o‘z faoliyatini endi boshlagan tadbirkorlar o‘z g‘oyalarini amalga oshirishi uchun malakali mutaxassislardan amaliy yordam olishlari mumkin.
O‘z faoliyatini endi boshlagan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash sohasida me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanib, ularning faoliyati rag‘batlantiriladi, O‘zbekistonda innovatsion biznes eko-tizimi rivojlantiriladi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga qilgan rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) o‘rtasida 2018-2019 yillarda hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashinuv memorandumi imzolangan, – deydi Savdo sanoat palatasining Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashish va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Oleg Rijichenko.
– Mazkur hujjatga ko‘ra, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) O‘zbekistondagi bir qator sohalar rivoji uchun ko‘plab loyihalarni amaliyotga tatbiq etishda hissa qo‘shib kelmoqda. Ana shunday loyihalardan biri bu tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun hayotga tatbiq etilayotgan mazkur loyihadir.
Bunda belgilangan bir qator rejalar bilan birga, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishni rag‘batlantirish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar (loyihalar)ni institutsional rivojlantirishga ko‘maklashish ham maqsad qilingan. Yoshlar va innovatsion biznesni rivojlantirish masalalariga daxldor idoralar va tashkilotlar xodimlari malakasini oshirish uchun Koreya Respublikasiga ta’lim stajirovkalari tashkillashtiriladi.
O‘z faoliyatini endi boshlagan tadbirkorlar uchun biznesni boshlash va yuritish masalalari bo‘yicha zarur ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan integratsiyalashgan axborot tizimi yaratiladi.
IT-Park – uzoqni o‘ylab tuzilgan reja
KOICA bilan hamkorlikdagi 3-loyiha «O‘zbekistonda IT-Park asoslarini shakllantirish va ularning barqaror rivojlantirish salohiyatini oshirish» yo‘nalishida ish olib boradi. Byudjeti, 4,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan loyiha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan. Mazkur loyiha sanoat sohasida qo‘llanilishi kerak bo‘lib, maqsadi, IT-park, IT-ta’limning operatsion imkoniyatlarini kuchaytirish va IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash orqali raqamli texnologiyalar asosida O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashishdir.
IT-Park ni boshqarish bo‘yicha uzoq muddatli reja ishlab chiqiladi va uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi, xodimlarning salohiyati mustahkamlanadi.
Loyihadan IT-Park ni boshqarish andozasini yaratish, IT-sanoatining ekotizimi holatini ko‘rib chiqish, tahlil qilish va diagnostikalash va bu tizim uchun kerakli bo‘ladigan barcha amaliy choralarni ko‘rish.
Ma’lumot uchun, Koreya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (KOICA) 1991 yilda Koreya Respublikasi hukumatining rivojlanayotgan mamlakatlarda grant dasturlarini amalga oshirish uchun mas’ul agentligi sifatida tashkil etilgan.
B.Meliqulova, O.G‘ulomov (surat), O‘zA