25 noyabr kuni Toshkentdagi “HiltonTashkent City” mehmonxonasida COVID-19 ga qarshi tezkor choralar ko‘rish bo‘yicha Kompleks dasturi doirasida “O‘zbekistonda yuqumli kasalliklarni nazorat qilishning integratsiyalashgan boshqaruv tizimini joriy etish salohiyatini yanada kuchaytirish dasturi” bo‘yicha Janubiy Koreyaning KOICA agentligi tashkil etgan o‘quv dasturining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sundjin Pak rahbarligidagi mazkur agentlik vakillari hamda Koreyaning Yonsey universiteti professorlari, shuningdek, sohaga oid boshqa qator mutaxassislar ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan sog‘liqni saqlash tizimida yuqumli kasalliklarni nazorat qilish bo‘yicha tegishli tashkilotlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy xizmatchilarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi mutaxassislari qatnashdi.
8-25 noyabr kunlari davomida yuqumli kasalliklar bo‘yicha tibbiyot xodimlari, epidemiologlarning malakasini oshirish yuzasidan trening o‘tkazildi. Dasturning asosiy maqsadi yuqumli kasalliklar ustidan davlat nazorati tizimini rivojlantirish chora-tadbirlarini takomillashtirishdir.
Marosimda KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sundjin Pak so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida ushbu trening O‘zbekistonda 2021 yilga mo‘ljallangan COVID-19ga qarshi kurash bo‘yicha kompleks dasturning bir qismi ekanini ta’kidladi.
– Hamkor tashkilotlarga KOICA bilan doimiy hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiraman. Dastur doirasida malakasini oshirgan mutaxassislar O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasiga katta hissa qo‘shishiga ishonaman, – dedi tashkilot direktori.
Treninglar Koreyaning Yonsey universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan bo‘lib, unda professor-o‘qituvchilar Koreya Respublikasining epidemiologiya va monitoring tizimi, laboratoriya tekshiruvi kompetensiyasi, yuqumli kasalliklarni samarali davolash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkasblari bilan fikr almashgan.
Ta’kidlab o‘tamiz, ushbu dastur o‘tgan yili O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish uchun 5 million dollarlik byudjet bilan tezkor chora-tadbirlar dasturining davomi hisoblanadi. Uning doirasida bugunga qadar KOICA vakolatxonasi sherik tashkilotlar bilan birgalikda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Marosimda o‘quv jarayonida olingan tajriba va bilimlarni kelgusida amalga oshirish va ulardan foydalanish bo‘yicha batafsil loyihani o‘z ichiga olgan Harakat rejasi ham ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar koronavirus bilan bog‘liq og‘ir vaziyatda Koreya Respublikasi, xususan, KOICA agentligi mamlakatimizga katta yordam berayotganini ta’kidladi.
– Ikki hafta davomida 4 ta tashkilot, jumladan, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, ToshMedAkademiya, Respublika SES va Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish markazi bilan sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish yo‘lida astoydil ishladik. Tadbirni o‘tkazishda hech qanday qiyinchilik bo‘lmadi, chunki O‘zbekistonga tashrifim hamisha muvaffaqiyatli o‘tgan, – deydi Seuldagi Yonsey universiteti tibbiyot kollejining tibbiy gumanitar va ijtimoiy fanlar kafedrasi professori Yun Sangchul.
Shu bilan birga tomonlar mazkur trening davomida tinglovchilar epidemiologik kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha qimmatli tajribaga ega bo‘lganini alohida qayd etib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, KOICA vakolatxonasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida memorandum imzolangan edi. Kelishuvga muvofiq, ushbu dastur KOICA agentligi, Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Milliy bolalar tibbiyot markazi va boshqa tegishli tibbiy muassasalar hamkorligida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
[gallery-4856]
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA