Ko‘hna Xovosning muqaddas qadamjolari bo‘ylab...
Xovos respublikamizning eng ko‘hna, tarixiy go‘shalaridan biri bo‘lib, u Ustrushona davridagi qadimgi sarhadlarida o‘z o‘rni bo‘lganligi tarixiy manbalarda keltirilgan. Xovos to‘g‘risida qadimiy manbalar, hatto zardushtiylarning muqaddas kitobi – Avestoda ham bitiklar mavjud.
Bu hududdagi Eski Xovos shahri xarobasi Sirdaryo viloyatining, qolaversa, butun Mirzacho‘l hududining eng katta va muhim yodgorligidir. Ushbu shahar xarobalari bugungi Xovosning janubi g‘arbida – Karvonsaroy qishlog‘ining qarshisida joylashgan. Hozirgi kunda tepalikning 12 gektardan iborat umumiy maydoni saqlanib qolgan.
O‘tgan asrning 80-yillarida taniqli olim, tajribali arxeolog Aleksey Andreevich Gritsina Xovos xarobalariga ilk bor mutaxassis sifatida e’tibor bergan. Keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti Choch-Ustrushona ekspeditsiyasining A.A.Gritsina rahbarligidagi Sirdaryo otryadi yodgorlikda Eski Xovos shahri xarobalari o‘rnidagi Xovos tepaligida arxeologik qazishmalar o‘tkazib, unda qadimiy qatlamlar mavjudligini aniqladi. Endilikda eski Xovos o‘zining mustahkam istehkomlariga ega bo‘lgan Sirdaryo viloyatining ilk ellinistik davriga oid eng qadimiy shahri deb hisoblanmoqda.

1988-1989-yillari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining Sirdaryo arxeologik otryadi ilk bor Eski Xovos xarobalarida qazilma ishlarini olib borganligi natijasida yodgorlikning eng pastki qatlamlaridan olingan arxeologik manbalar milodgacha I va milodiy I asrlarda paydo bo‘lganligini ko‘rsatadi. Ya’ni Eski Xovos kamida ikki ming yillik tarixga ega va butun Sirdaryo viloyati hududidagi eng qadimgi shahar xarobasi qoldig‘i ekanligi isbotlandi.
Bu yerda o‘tgan yillari qazilma ishlari olib borgan A.A.Gritsina va u rahbarligidagi ekspeditsiya guruhiga xovoslik mehnat faxriylari Mahmasidiq Sodiqov (marhum), keksa o‘qituvchi Boymurod Azimov bevosita ko‘maklashishgan. Ularning farzandlaridan ushbu ko‘hna tepalik haqidagi ba’zi ma’lumotlarga ega bo‘ldik.

– Bu yerda oldin ham bir necha marta qazilma ishlari olib borilgan, – deb ma’lumot bergan Aleksey Gritsina. – Izlanishlarimiz natijasida qal’a devorlarining saqlanib qolgan ayrim qismlari, turli ro‘zg‘or buyumlari, ov qurollarining qoldiqlari va boshqa topilmalar tepalik o‘rnida qadimda shahar bo‘lganligidan darak beradi, aksariyati taxminan eramizdan oldingi IV va V asrlarga to‘g‘ri keladi. Boshqa hududlardagi qazilma ishlari paytida tuproqning qattiqligi ishimizni qiyinlashtirar edi. Bu yerdagi tuproq ancha mayin. Yana bir muhim tomoni, devorlar bir necha qatlamdan iborat, ularning qaysi davrlarga tegishli ekanligini aniqlashga harakat qilayapmiz. Eng katta topilmalardan biri bu – Yunon devori qoldiqlari sanaladi. Buyuk Ipak Yo‘li yo‘nalishida joylashgan bu qadim shahar xarobalari orasida o‘tmishning qanchadan qancha sirlari yotganligini aniqlash ekspeditsiyaning kelgusidagi rejalaridan o‘rin olgan.

–Viloyat tarixi va o‘lkashunoslik muzeyi qoshida muzeyni qadimiy, Sirdaryo viloyati tarixiga oid eksponatlar bilan boyitish maqsadida tashkil etilgan ilmiy tadqiqot markazi mutaxassislari ham ushbu qazilma ishlarida bevosita ishtirok etishmoqda, – deydi muzey direktori Zokir Xoldorov. – Tepalikdan topilgan buyumlar ro‘yxatdan o‘tkazilib, muzey eksponatlari qatoridan joy olmoqda. Mana shu eksponatlar bois keyingi paytda muzeyga qiziquvchilar, bu yerga keluvchilar soni tobora ortib borayotgani, ayniqsa, quvonarli.
Eski Xovos tepaligidagi qazilma ishlari ketayotgan joyda bo‘lganimizda necha ming yillik tarix yashirinib yotgan ko‘hna shaharning ko‘chalarida yurgandek, ajdodlarimizning nafasini sezib, topilgan buyumlarning bo‘laklarida ularning qo‘l izlari aks etgandek tuyuldi. Qazish ishlari paytida bu yerdan tegirmon toshi chiqqaniga guvoh bo‘lgan edik. Ushbu bir chekkasi singan tegirmon toshining diametri 90 santimetr, o‘rtasidagi teshigining aylanasi 12 santimetr va toshning qalinligi 9 santimetr ekanligi qayd etildi.

Bulardan tashqari, tepalikda ikki qator himoya devorlarining bo‘laklari ham borligini ko‘rdik. Ayniqsa, bu yerdan antik asrga tegishli tegirmon toshi, XII asrga tegishli shamdonning qoldig‘i topilganligi ajdodlarimizning hayot tarzidan guvohlik beradi.
Olimlarning ta’kidlashlaricha, bu noyob topilma XII asrga tegishli shamdonning qoldig‘i, bandi bo‘lib, unda Humo qushining tasviri tushirilgan edi. Bundan IX asr avval nafis qilib ishlangan shamdonning bo‘lagida qo‘li gul hunarmandning bor mahorati mana men deb o‘zini namoyish etib turardi.
Ayniqsa, eramizdan avvalgi III va II asrga oid ma’buda – Anaxita haykalchasi (hosildorlik, qayta tug‘ilayotgan tabiat ramzi) bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Demak, miloddan oldingi IV asrdan to XX asrga qadar Xovos qadim Farg‘ona, Choch va Sug‘dda savdo hamda harbiy harakatlar yo‘nalishlari chorrahasidagi qulay va muhim manzilgoh vazifasini ham bajargan. Bu yerda biz o‘tmish bilan uchrashdik go‘yo.
Ha, ko‘hna tepalikni moziy bilan bizni bog‘lab turgan ko‘prik desak, xato qilmaymiz. Shu o‘rinda gruzin xalqining bir odati yodimizga tushdi. Ularning katta-yu kichigi tog‘-u toshlar orasidan agar eski bir taqa topib olsa ham, bu ota-bobolarimizdan qolgan tabarruk buyum deb, yodgorlik sifatida asrab-avaylab olib qo‘yar ekan. O‘z ichiga necha asrlarni jamlagan bu ko‘hna tepalik esa bizga bitta emas yuzlab, minglab qimmatli buyumlar, yodgorliklarni taqdim etayotgan ekan, ularni qadrlash, asrash bugungi va kelajak avlodlarning burchi sanaladi.
Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, keyingi yillarda Eski Xovos shahri xarobalaridan topilgan noyob arxeologik manbalar ilmiy jihatdan o‘rganildi. Natijada, A.Gritsina va M.Sodiqovning hammuallifligida “Eski Xovos va unga qo‘shni hududlar qadim va o‘rta asrlarda” nomli kitobi nashr etildi. Ushbu asar nafaqat qadimgi Xovos, balki butun Sirdaryo viloyati tarixini o‘rganishda asosiy ilmiy manba sanaladi.
Yurtimizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish borasida zalvorli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu soha bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan muhim hujjatlarning bajarilishini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar barchamizni quvontiradi. Yurtimizda tarixiy obidalar, qadimiy qadamjolar ko‘p. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va boshqa viloyatlardagi tarixiy obidalar xorijlik sayyohlarni tobora ko‘proq qiziqtirmoqda. Sayyohlar oqimi kundan kunga ko‘payayotganligi quvonarli. Lekin har bir hududning ham o‘z tarixi, qadimiy obidalari bor.
Jumladan, Sirdaryo viloyatda ham bir nechta tarixiy obidalar borligi bilan faxrlansak arziydi. Faqat ular haqida xalqimiz, hattoki, sirdaryoliklarning o‘zlari ham kam bilishadi. Sardoba tumani hududidagi qadimgi Sardoba obidasi, Sirdaryo tumanidagi qadimiy Qiztepa tepaligi hamda Xovos tumanidagi Eski Xovos tepaligi shular jumlasidandir.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri.