Ko‘hna va boqiy Buxoro mehmonlarni chorlamoqda
Ko‘hna va boqiy Buxoroda joriy yilning 3-5-may kunlari bo‘lib o‘tadigan “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali”ga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi.
– Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha viloyat hokimligining chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, mas’ullardan iborat shtab tarkibi tasdiqlandi, – dedi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vohid Niyozov. – Festivalning ochilish va yopilish marosimlarini o‘tkazish uchun 1700 tomoshabinga mo‘ljallangan amfiteatr va sahna tayyorlandi. Festivalga tashrif buyuradigan hamda bevosita ishtirok etadigan xorijiy va mahalliy mehmonlar, hunarmandlar soni va tarkibi aniqlanib ro‘yxatlari shakllantirildi.



Festivalga 42 ta xorijiy davlatdan 157 nafar hunarmandlar hamda mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda. Respublikamizning barcha hududlaridan jami 280 nafar mahalliy hunarmandlar qatnashadi. Festival dasturiga ko‘ra “An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya Buxoro davlat universiteti zalida o‘tkaziladi. Mehmonlar va ishtirokchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bugun ko‘hna va boqiy Buxoro mehmonlarni chorlamoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.