Ko‘hna Turon - qadim Turkiston, ona yurtim, jon O‘zbekiston!
Namanganda “Ko‘hna Turon - qadim Turkiston, Ona yurtim, jon O‘zbekiston!” ko‘rik-tanlovining umumta’lim maktablari o‘rtasidagi shahar saralash bosqichi o‘tkazildi.
Yosh avlod vakillariga Vatanimiz tarixini mukammal o‘rgatish, ertamiz egalarini ona yurtimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan tanlovda yetti jamoa bir-biridan qiziqarli intellektual shartlar bo‘yicha ma’naviyat, tarix va tafakkur borasidagi bilimlarini sinab ko‘rdi.



- Tanlovda har bir jamoa o‘zi yashab turgan hudud tarixi ifodalangan video-rolik, savol-javob hamda tarixiy asarlar asosida sahnalashtirilgan kichik teatr tomoshasi shartlari orqali tarix fanini qay darajada o‘rganayotganliklarini namoyish etdi, - deydi Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirining o‘rinbosari O‘tkirbek Polvonboyev.
Qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda bo‘lib o‘tgan tanlov yakuniy natijalariga ko‘ra, 82-umumta’lim maktabining “Kelajak yoshlari” jamoasi g‘olib chiqib, mazkur tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.